Jahonning yangi bozori

Taraqqiyot asrida yashayapmiz. Hamma sohada kun sayin o‘zgarish. Shu jumladan, moda-kiyinish urfida ham. Bugun yangi urfda kiyinishga ulgurmay, ertaga yangisi paydo bo‘lib turibdi.

Hammamiz yangicha kiyinishni istaymiz. Xo‘sh, eskisini nima qilamiz? Ularning ko‘pchiligi bir-ikki marta kiyilgan demasangiz, hali yap-yangi. Chiqitga tashlab yuborish uvol-ku! Dunyoda hukm surayotgan pandemiya davrida eski-tuskilarga, ehtiyoj tug‘ildi, deb yozadi “Mir novostey” (2021 y. 11-son) gazetasi.

Juda ko‘p mamlakatlarda hatto olis burchaklardagi provinsial shaharlarda “Eski-tuski” do‘konlar paydo bo‘ldi. Ishsizlik, karantin choralari tufayli qiynalgan odamlar endi ilgari yoniga ham yo‘lamagan bunday do‘konlarga tobora ko‘proq kiryapti. Zamonaviy bu do‘konlarda kepkadan tortib, qishki palto, kurtka, plash, boshqa hali ohori to‘kilmagan, hatto moda kiyim-kechaklarni arzon narxda xarid qilish mumkin. Hozirda Amerika, Yevropada kam ta’minlangan, kambag‘al odamlar eski-tuski kiyimlarni bunday do‘konlardan sotib olib kiyishni or bilishmaydi.

Nomi “eski-tuski” bo‘lsa-da, bu do‘konlar keng va yorug‘, kiyim-kechaklar, buyumlar did bilan osib qo‘yilgan.

Do‘konni aylanib chiqqach, istasangiz bir chashka qahva ichib dam olishingiz mumkin. Do‘konlarda noyob, qachonlardir urf bo‘lgan, hali yangiligicha turgan va nusxasi boshqa uchramaydigan buyumlar, kiyimlar bor.

Eng muhimi, bunday do‘konlar dorulamon davrlarda havas bilan sotib olingan, ammo kiyishga ehtiyoj bo‘lmagan oilalarda shkaflarda chang bosib yotgan ortiqcha buyumlardan xalos qilsa, qashshoqlik girdobiga tushib qolgan yupun fuqarolarni muhtojlikdan qutqarishga, mashaqqat bilan topiladigan oila byudjetini tejashga yordam bermoqda.

T.Shomurodov tayyorladi.