"Jamoatchilik nazorati" guruhlarining Payariq tumanidagi o‘rganishlari yakuniga yetdi: 12 nafar rahbarga chora ko‘riladi

Payariqda jamoatchilik nazorati guruhining fao­liyati yakunlari ko‘rib chiqildi. Uni viloyat hokimi E.Turdimov olib bordi.

Ta’kidlandiki, guruhlar tomonidan tumanda mavjud 65 mahallada 4300 dan ziyod kamchilik va muammolar aniqlangan. Shundan 917 tasi ijobiy hal etildi, 1199 murojaat qaytadan ijroga yo‘naltirildi. Tuman tibbiyot birlashmasiga 195 ta, tuman bandlikka ko‘maklashish markaziga 115 ta, maktabgacha ta’lim bo‘limiga 56 ta, tuman IIBga 87 ta, tuman gazlashtirish idorasiga kelgan 1098 ta murojaatda bayon etilgan muammolarga yechim topilmagan.

Yig‘ilishda aholi muammolarini ijro idoralariga yetkazishga mas’ul bo‘lgan mahalla oqsoqollari faoliyati tahlil etildi. Misol uchun, tuman markazidagi Alisher Navoiy nomidagi mahalla rahbari o‘z hududidagi barcha tomor­qa yerlari ag‘darib qo‘yilgan, ajrimlar ikkita, spirtli ichimliklar ichishga ruju qo‘yganlar ikkita, deb axborot berdi. O‘rganilganda esa tomorqalarning yarmi ham ag‘darilmagani, ajralishlar soni 5 ta, notinch oilalar 15 ta, ichkilikka ruju qo‘yganlar esa 6 nafar ekani ma’lum bo‘ldi.

Demak, oqsoqol mahalladagi ijtimoiy muhitni puxta tahlil qilmagan, uni yaxshilash choralarini belgilamagan. 2018 yil davomida imkon bo‘laturib, birorta oilaga bankdan imtiyozli kredit olib berish chorasi ko‘rilmagan. Viloyat hokimi so‘raganida birorta ham mas’ul rahbar 2-3 kun ichida bevosita muammosi bor oilaga kirmagani ma’lum bo‘ldi. Xususan, Do‘stlik, Istiqlol, Juvozxona, Oqtosh, Ko‘lto‘sin, Ko‘paki, Sho‘rtepa, To‘polos, o‘oyibota, Tomayrot kabi mahallalarga mutasaddi rahbarlar bormagani, borganda ham nomiga kirib ketgani bilinib qoldi. Sektor rahbarlari mahalla oqsoqollaridan o‘z hududidagi muammolarni so‘rab olmagan.

Ikki hafta ichida tuman hokimi rahbarlik qilayotgan 1-sektorga qarashli mahallalardan 972 ta murojaat tushgan bo‘lsa, uning 340 tasi bajarildi. 2-sektorda 583 tadan 229 tasi,  3-sektorda esa 1104 tadan 171 tasi, shuningdek, 4-sektorga qarashli hududlardan kelib tushgan 1642 ta muammoning 177 tasi ijobiy hal qilindi.    

Muhokamada ijro va mehnat intizomi masalalarida o‘zibo‘larchilikka, sansolarlikka yo‘l qo‘yganligi uchun tumanning 12 nafar rahbariga nisbatan ma’muriy javobgarlik masalasini  ko‘rish tavsiya etildi.

Yig‘ilish yakunida tuman hokimligi, sektorlar va mutasaddi idora rahbarlari zimmasiga jamoatchilik nazorati guruhlari tomonidan aniqlangan kamchilik va muammolarni qisqa muddatda bartaraf etish choralari belgilandi.

Dilmurod TO‘XTAYEV.