Jamoaviy immunitet hosil qilish yo‘li bilan koronovirusga qarshi kurashish mumkinmi?

Ushbu savolga AOKA shtabida o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatova javob berdi:

➖ Jamoaviy immunitet hosil qilish yo‘li bilan koronovirusga qarshi kurashish usuli juda xavfli. Chunki koronovirusga nisbatan ommaviy immunitet shakllanishi uchun aholining 60 foizdan 80 foizigacha qismi kasallanib sog‘ayishi kerak.

Ko‘plab odamlar, ayniqsa, xavf guruhiga kiruvchi, surunkali kasalliklari bor, katta yoshlilar, homiladorlar va bolalarni xavf ostiga qo‘yishimiz mumkin.

Ko‘p odamlarning kasallanishi, davolanishi va immunitet hosil qilishi uchun bir necha yillar kerak bo‘ladi.

Shuningdek, epidemiyaning oldini olmasak, infeksiya tarqalishi rivojlanib ketadi. Kasallanish holatlari ortib ketishi natijasida klinikalar bemorlarga to‘lib, sohaga bosim ortadi, o‘lim ko‘payadi.

Shuning uchun O‘zbekiston hech qachon bu usulni tanlamaydi. Aksincha, pandemiyani nazoratda ushlab turib uzoq vakt davomida kamroq odam kasal bo‘lishiga erishishimiz mumkin.

Yurtimizda har bir inson salomatligi birinchi o‘rinda turadi. Vaqt o‘tishi bilan har bir inson hayoti davomida bu infeksiya bilan to‘qnashishi mumkin. Lekin bu davrda koranavirusning kasallik chaqirish qobiliyati kamaygan bo‘lsa, uni ancha yengil kechiradi. Shu davr ichida esa vaksina masalasi ham hal bo‘lishi mumkin.