Janubiy Koreya 180 ta KXDR jangovar samolyotlarini aniqlagach, 80 ga yaqin qiruvchi samolyotni havoga chiqardi

Janubiy Koreya juma kuni 180 dan ortiq KXDR harbiy samolyotlarining harakatini aniqlagan holda 80 ga yaqin qiruvchi samolyotni havoga ko‘tardi. Bu haqda Janubiy Koreya harbiylari xabariga tayanib, “Renxar” xabar bermoqda.

Janubiy Koreya Qurolli kuchlari shtab boshliqlarining birlashgan qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR qiruvchi va bombardimonchi samolyotlarining harakati mamlakat ichki hududlari, shuningdek, Koreya yarim orolining g‘arbiy va sharqiy qirg‘oqlari yaqinida kuzatilgan. Ammo Shimoliy Koreya samolyotlari Janubiy Koreya chegarasiga yaqinlashmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya va AQSh Shimoliy Koreyaning raketa uchirilishi tufayli Koreya yarimoroli hududida o‘tkazilgan qo‘shma harbiy havo mashg‘ulotlarini uzaytirishga qaror qilgan edi. Xabar qilinishicha, Shimoliy Koreya payshanba kuni ertalab bitta uzoq masofali va ikkita qisqa masofali ballistik raketalarni uchirgan.

Chorshanba kuni ertalab KXDR Yapon dengizi va Sariq dengiz yo‘nalishida kamida 10 ta raketa uchirdi. Ulardan biri Janubiy Koreya bilan haqiqiy dengiz chegarasidan uchib o‘tgan bo‘lsa, boshqasi Yaponiya dengizi sohilidagi mamlakat shimoli-sharqidagi Gangvon provinsiyasi Sokcho shahridan 57 km uzoqlikdagi dengizga qulagan.

Kun davomida Shimoliy Koreya Yapon dengiziga kamida 17 ta turli raketalar va kamida 100 ta artilleriya o‘qlarini otgan.

Pxenyan mashg‘ulotlarga javoban keskin choralar ko‘rishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.