Janubiy Koreya-O‘zbekiston: iqtisodiy hamkorlik yanada rivojlanadi

Prezidentimizning 2017 yil 22-25 noyabr kunlari Janubiy Koreyaga tashrifidan so‘ng koreyalik ishbilarmonlarning yurtimiz tadbirkorlari bilan hamkorligi yanada kengaymoqda. 
Yaqin istiqbolda koreys ishlab chiqaruvchilari bilan birgalikda ko‘plab yangi loyihalar amalga oshirilishi  rejalashtirilgan. 
Bu fikrlar Samarqand shahar hokimligida Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan Janubiy koreyalik ishbilarmonlar va viloyatimiz tadbirkorlari uchrashuvida alohida ta’kidlandi. 

Uchrashuvda Janubiy Koreyadagi ip-kalava va tekstil, plastik va chiqindini qayta ishlash, oynalar, energiya tejamkor lampochkalar, kompyuterlashgan tizimdagi tomchilatib sug‘oriladigan issiqxonalar, veterinariya preparatlari, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va qadoqlovchi, olovga chidamli qurilish materiallari, smartfonlar uchun alohida dasturlar ishlab chiqaruvchi va boshqa yigirmadan ortiq korxona vakillari ishtirok etdi. 
Dastlab mehmonlarga Samarqandning o‘tmishi, bugungi kuni, iqtisodiyoti, investitsiya imkoniyatlari va xorijiy investorlarga yaratilgan qulayliklar haqida atroflicha ma’lumot berildi. 

– Samarqandga kelishimizdan avval Xiva va Buxoro shaharlarida ham bo‘ldik, – deydi Pusan shahri savdo-sanoat palatasi boshlig‘i o‘rinbosari Li Su Sung. – Prezidentingiz Koreyaga tashrifi chog‘ida yurtingizda investiya kiritish imkoniyatlariga alohida to‘xtalgandi. Haqiqatan ham sizlarda investorlar uchun yaxshi sharoitlar yaratilgan. Hozir biz bu yerdagi talab va taklifni o‘rganib, turizm va boshqa sohalarda sarmoya kiritish masalalarini muhokama qilyapmiz. Kelgusida yirik korxona rahbarlari bilan kelib, yangi loyihalar borasida hamkorlik qilish istagidamiz.