Janubiy Koreya prezidenti KXDR hukumatini ag‘darish g‘oyasi haqida gapirdi

Janubiy Koreya KXDRdagi mavjud tuzum xavfsizligi va «yashovchanligi»ga kafolat bera olmaydi. Shu bilan birga rejimni kuch bilan almashtirishni ham istamaydi. Bu haqda Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol o‘z lavozimiga kirishganining yuz kunligi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

«Tuzumni saqlash kafolati. Janubiy Koreya hukumati buni ta’minlay olmaydi, lekin men va hukumatimiz Shimoliy Koreya mintaqasidagi status-kvo qo‘pol yoki zo‘ravonlik bilan o‘zgarishini xohlamaymiz», dedi u.

Prezident fikricha, Seul uchun eng muhimi, bu ikki respublika o‘rtasidagi tinchlik, biroq Janubiy Koreyaning iqtisodiy yoki diplomatik yordami natijasida KXDR mustaqil ravishda o‘zgarsa, u holda bunday o‘zgarishlar faqat olqishlanadi.

«KXDRni iqtisodiy jihatdan bosqichma-bosqich qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin bo‘lgan men e’lon qilgan yadrosizlanish yo‘l xaritasiga kelsak, bu «avval yadrosizlanishni amalga oshiring, keyin yordam beramiz» degani emas. Ammo agar Pxenyan shunday qilib qat’iy irodasini ko‘rsatsa, biz qo‘limizdan kelganicha yordam qilamiz», deb tushuntirdi Prezident.

Uning qayd etishicha, KXDRdan javob kutishdan avval Janubiy Koreyaning bunday muloqotga tayyorligini ko‘rsatish zarur.

«Saylovoldi tashviqotimdan beri men Shimoliy Koreya bilan muloqot kerakligini takrorlayman. Lekin ikki davlat rahbarlari yoki ishchi guruhlari o‘rtasidagi muzokara va muloqotlar siyosiy shouga aylanmasligi kerak, balki Koreya yarimorolida tinchlik o‘rnatish uchun foydali bo‘lishi kerak», - deya qo‘shimcha qilgan Yun Suk.

15 avgust – Mustaqillik kunida qilgan nutqida u Seulning shimoliy qo‘shnisi yadrosizlanish yo‘lida chora ko‘rsa, uning iqtisodiyotini bosqichma-bosqich yaxshilash bo‘yicha “jasur rejasi”ni amalga oshirish niyatida ekanligini yana bir bor tasdiqladi. Janubiy Koreya KXDR rivoji, energetika, savdo, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga sezilarli hissa qo‘shishga tayyorligini ma’lum qildi.