Janubiy Koreya Shimoliy Koreyaga koronavirus bilan kurashish uchun birlashishni taklif qildi

Janubiy va Shimoliy Koreya birlashuvi vaziri Li In Yon koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish uchun Seul Pxenyan bilan hamkorlikka tayyor ekanini ma’lum qildi.  Bu haqda “Yonxap” agentligi xabar berdi.

Janubiy Koreyalik siyosatchi ikki davlat o‘rtasida joylashgan Keson shahrida infeksiya paydo bo‘lishidan xavotirda ekanligini bildirdi.

“Hammasidan ko‘proq men Shimoliy Koreya aholisi salomatligidan xavotirdaman, infeksiya sababli odamlarning hayoti yanada og‘irlashishi mumkin”, dedi vazir.

Li In Yonning fikriga ko‘ra, Seul va Pxenyan nafaqat Keson masalasida, balki Shimoliy Koreyaning boshqa nuqtasida ham hamkorlik qilishi zarur. U COVID-19 bilan kurash olib borish uchun ikkala mamlakatning birlashishini taklif qildi.

26 iyul kuni Shimoliy Koreyada dastlabki koronavirus infeksiyasiga chalinish gumoni haqida ma’lum qilindi. Kasallangan, deb gumon qilingan shaxs Janubiy Koreyadan Shimoliy Koreyaga noqonuniy yo‘l bilan kirib kelgan va Keson shahrida bo‘lgan. Ayni vaqtda u qattiq karantinda saqlanmoqda,  u bilan muloqotda bo‘lgan odamlar aniqlanmoqda.