Janubiy Koreyada noqonuniy ishlayotgan o‘zbekistonliklar ushlandi
O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya Respublikasining qator mahalliy administratsiyalari o‘rtasida tuzilgan kelishuvlarga asosan respublika fuqarolari 5 oylik mavsumiy ishlarda Ye-8 vizasi bilan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ushbu davlatga yuborilmoqda.
Mazkur fuqarolar Koreya Respublikasiga borgandan keyin belgilangan tartibga ko‘ra, ma’lum muddat karantin hududida saqlanmoqda. Karantinda saqlanayotgan fuqarolar bilan ushbu davlatga Ye-9 vizasi bilan 2014 yilda kelib, ayni paytda noqonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan mehnat migrantlari ogohlantirishsiz uchrashmoqchi bo‘lganda Koreya Respublikasi politsiya xodimlari tomonidan ushlandi.
Ulardan karantin hududiga kirish sababi so‘ralganda, asl maqsadini, ya’ni Ye-8 vizasi bilan kelgan fuqarolarni noqonuniy olib ketmoqchi bo‘lganini yashirib, u yerdagi fuqaroga telefon apparatini bermoqchi ekanini aytgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabariga ko‘ra, hozirgi vaqtda fuqarolarni mamlakat hududidan chiqarib yuborish bo‘yicha hujjatlar tayyorlanmoqda.