“Jartepa” bojxona postida 36 million so‘mlikdan ziyod uyali telefon apparatlari ushlab qolindi

“Samarqand” TIF bojxona posti tarkibidagi “Urgut EIZ” bojxona punkti binosida sayyor sud majlisi o‘tkazildi.

Sud majlisida “Jartepa” chegara bojxona postida aniqlangan huquqbuzarlik holatlari bilan bog‘liq 14 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rildi. Huquqbuzarlarga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirildi va ularga nisbatan tegishli jazo choralari tayinlandi.

Jumladan, “Jartepa” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi M.J. o‘zi boshqaruvidagi avtomashinaning yashirin joylariga va egnidagi ikki qavat qilib kiyib olgan kurtkasining cho‘ntaklariga umumiy bahosi 36 mln. so‘mdan ziyod turli rusumli uyali telefon apparatlari va ularning aksessuarlarini bojxona nazorati zonasidan yashirincha olib kirishga uringanligi holati bo‘yicha ma’muriy ish ko‘rildi.

Sud fuqaro M.J.ni huquqbuzarlik sodir qilganlikda aybli deb topib, unga nisbatan eng kam oylik ish haqining uch barovari miqdorida jarima jazosi tayinladi. Turli rusumli uyali telefon apparatlari va ularning aksessuarlari davlat egaligiga musodara qilindi.

Shuningdek, majlis ishtirokchilariga bojxona qoidabuzarliklari yoki bojxona xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan Samarqand viloyati bojxona boshqarmasining (66) 233-63-00 raqamli “Ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligi eslatib o‘tildi.

A.Alimov, Urgut tuman ma’muriy sudi raisi.                                                                       A.Qurbonov,“Jartepa” chegara bojxona posti katta inspektor-surishtiruvchisi.