Jazolovchi organ emas, adolat qo‘rg‘oni

Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligini nishonlash arafasida o‘tgan davr mobaynida bosib o‘tilgan murakkab yo‘limizga yana bir nazar tashlash, mustaqil taraqqiyotimiz davomida amalga oshirilgan ishlar, erishgan natijalarni xolisona baholash va ularning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadga muvofiqdir.

Zotan, sobiq ittifoq davrida inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklariga bo‘lgan e’tibor davlat manfaatidan keyingi o‘rinda qarab kelingan. Istiqlol tufayli Konstitutsiyamizda bu masala birinchi o‘ringa ko‘tarilib, davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlashi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Albatta, mustaqillik yillarida mamlakatimizda sud-huquq sohasidagi islohotlar bosqichma-bosqich, tadrijiy yo‘l bilan amalga oshirildi va bu jarayon davom etmoqda. Xususan, 1991-2000 yillarni qamrab olgan birinchi bosqichda o‘tish davri va milliy davlatchilik asoslari shakllantirildi. Ya’ni, sud tizimi ijro etuvchi hokimiyat organlari nazorati va ta’siridan chiqarildi, mustaqil hokimiyat sifatida shakllantirildi. Buning uchun tizimning konstitutsiyaviy va protsessual kafolatlari ta’minlandi. Konstitutsiyamizning 106-moddasiga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi”.

Umuman, tizimdagi islohotlarning birinchi bosqichidagi eng muhim o‘zgarishlardan biri shuki, sud jarayonida ayblov va himoya tengligini ta’minlashning ta’sirchan huquqiy mexanizmlari yaratildi. Apellyasiya tartibida ish yuritish joriy etildi.

2001-2010 yillarda o‘tkazilgan islohotlarni shartli ravishda ikkinchi bosqich sifatida baholash mumkin. Bu davrda qonunchilik amaliyotiga birinchi marta jinoyat ishlarini sudda ko‘rishda yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etish instituti kiritildi.

Prezidentimizning tegishli farmoniga asosan, 2008 yil 1 yanvardan mamlakatimizda bunday jazo jinoiy jazo turi sifatida butkul bekor qilingani bugun ko‘pchilikning yodidan o‘chmagan bo‘lishi turgan gap. Chunki, bungacha jinoyat kodeksida bilib-bilmay hayot so‘qmoqlarida adashgan inson umriga chek qo‘yish bilan bog‘liq jazo turi belgilangan edi. To‘g‘ri, islohotlarning dastlabki bosqichida 13 ta moddada belgilangan o‘lim jazo turi 5 ta moddadan olib tashlangan edi. 2008 yildan uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etildi.

Ayni shu jarayonda mol-mulkni musodara qilish jazosi ham bekor qilingandi. Shuningdek, «Xabeas korpus» instituti joriy etilib, qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazildi. Himoyachining huquqiy maqomi takomillashtirilib, advokatning ishda ishtirok etish tartibi yengillashtirildi va uning vakolat doirasi kengaytirilib, dalillar to‘plash huquqiga ega bo‘ldi.

Sud-huquq islohotlarining keyingi bosqichida sudlar jinoyat ishini qo‘zg‘atish huquqiga ega sub’yektlar doirasidan chiqarildi. «Xabeas korpus» instituti kengaytirilib, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish sudlar vakolatiga o‘tkazildi.

Aslida keyingi yillarda sud-huquq sohasini demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatining fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Misol uchun, mustaqil organ – Sudyalar oliy kengashi tashkil etilib, sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimi joriy etildi. Sudyalik lavozimiga birinchi marotaba besh yil va keyin o‘n yil muddatga, shundan so‘ng muddatsiz tayinlash (saylash)ni nazarda tutuvchi tartib joriy etilishi ham sud hokimiyatining va sudyalarning nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.

Qolaversa, sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, «Bir sud – bir instansiya» tamoyili bo‘yicha sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish institutini tugatish, amalga oshirilgan qator tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlar haqida yana uzoq gapirish mumkin. Xulosa shuki, islohotlarning barchasi sudlarni chinakam adolat qo‘rg‘oniga aylantirishga qaratilgan.

Zafar Allaboyev,

viloyat fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi.

Faxriddin Qarshiyev,

viloyat fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi.