Jenshendan 5 marta kuchli dorivor o‘simligimiz borligini bilarmidingiz?

Shogirdlarimiz va hamkorlar bilan 2019 yil may oyidan buyon cho‘lda o‘sadigan bir dorivor o‘simlikni ko‘paytirish bo‘yicha izlanishni boshlagan edik. Yaqinda tajriba maydonimizni ko‘zdan kechirishga borib, natijalar bo‘y ko‘rsatganini ko‘rib quvondim. Bu o‘simlikning nomi Sistanxe (lat.Cistanche).

Bu o‘simlik tabobatda deyarli 2000 yil davomida ma’lum bo‘lgan bo‘lsada, biz unutgan edik. Mazkur o‘simlikni Osiyo mamlakatlari aholisi “cho‘ldagi hayot ildizi”, deb ataydilar. Uning dorivorlik xususiyatini jenshennikidan 5 marta kuchliroqdir, deb e’tirof etishadi.

Sistanxe quvvatni tez tiklovchi, o‘ta tetiklashtiruvchi, antioksidantlik, yallig‘lanishga qarshi estrogenli, yumshatuvchi, turli o‘smalarga qarshi, immun tizimini kuchaytiruvchi, gepatotoksinlar ta’sirida jigarni qayta tiklash qobiliyati bor. Miyada qon aylanishini yaxshilovchi va boshqa ko‘plab xususiyatlarga ega.

Qadimda ovchilarning kuzatishlariga ko‘ra bo‘rilar jon saqlab qishdan chiqish uchun sistanxening ildizlarini kovlab iste’mol qilishgan. Dunyoda hozir bu o‘simlik ildizidan 100 dan ortiq turli dori mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Ma’lumot uchun: bu turkumga 27 ta tur kirib, ularning ichida eng mashhurlari sho‘rxok sistanxe (lat. Cistanche salsa), sariq sistanxe (lat. Cistanche flava), soxta sistanxe, cho‘l sistanxesi, trubkasimon sistanxelar kirib, ular sho‘ra anabazis, juzg‘un, saksovul va sho‘radoshlar oilasining boshqa o‘simliklarining ildizlarida parazitlik qiladi. Deyarli barcha turlari qimmatli kimyoviy tarkibga ega bo‘lib, dorivor maqsadlarda keng qo‘llaniladi.

Diyorimiz mana shunday minglab dorivor o‘simlik va giyohlarga boy biz faqat uni asrashimiz kerak xolos.

Abdushukur Hamzayev, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy tadqiqot instituti direktori.