O‘zbekistonda Qizil kitobga kiritilgan 180 dan ortiq o‘simlik bor
Inson tabiatdan foydalanish jarayonida odatda tabiiy jarayonlarga to‘sqinlik qiladi va buning oqibatlarini o‘ylamaydi. Aslida atrofimizdagi hayvonlar va o‘simliklar million yillar davomida evolyusiya natijasida murakkab biologik tizimni hosil qilgan. Tabiatda har bir tirik organizm yoki biologik tur tabiiy barqarorlikni ta’minlaydi. Agar ushbu tizimning biron bir qismi yo‘qolsa, barqarorlik izdan chiqadi.
Shu bois ham Birlashgan Millatlar tashkilotining 1992 yil Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan atrof-muhit va rivojlanish bo‘yicha konferensiyasida bioxilma-xillik haqida Konvensiya imzolangan. O‘zbekiston Respublikasi 1995 yilda ushbu Konvensiyaga a’zo bo‘lgan.
Umuman, mamlakatimiz hududi Yer sharining 0,3 foizini tashkil qiladi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan 180 dan ortiq o‘simlik turi yashaydi. Ya’ni, Qizil kitobga kiritilgan o‘simlik va hayvon turlarining deyarli yarmi muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan tashqarida o‘smoqda va yashamoqda.
Qayd etish lozimki, qishloq xo‘jaligi, yaylov yerlar va urbanizatsiya quruqlikdagi hayvonlarning tabiiy yashash muhitini mayda bo‘laklarga bo‘ladi va buzadi. Oziq-ovqat, tibbiyot va boshqa sohalar uchun bioxilmaxillikdan me’yordan ortiq foydalanish ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Baliq ovlash sanoati baliqlar biomassasining 80 foizini, o‘rmon-butalarni kesish va brakonerlik oqibatida daraxt turlarining ko‘p turlarini yo‘q bo‘lib ketish chegarasigacha olib kelgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, tabiatimiz bioxilma-xilligini asrash, saqlab qolish hamda kelajak avlodga yetkazish Konstitutsion burchimizdir.
Viloyatimizning shahar va tuman markazlarida, mahallalar va ko‘p qavatli uylar oraliqlarida, tashkilotlarga tegishli bo‘lgan hududlar, avtomagistral va temir yo‘llar yoqasidagi, daryo, soy, kanal, zovur va ariqlar yoqasidagi, fermer xo‘jaliklari yerlarida va davlat zaxira yerlaridagi daraxt va butalar xatlovdan (inventarizatsiyadan) o‘tkazilib, shakllantirilgan yagona elektron bazaga kiritilmoqda.
Qayd etish lozimki, joriy yil 1 maydan boshlangan bu tadbir Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxt va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining joriy yil 30 oktyabrdagi farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etildi. 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha amal qilishi ko‘zda tutilgan moratoriyda vakolatli davlat organlariga davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga ruxsatnomalar berish man etildi.
Amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar kelgusida daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining noqonuniy kesilishi, daraxt turlari yo‘qolib ketishining oldini olishda katta ahamiyatga ega.
D.RO‘ZIBOYeV,
viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.