Jomboyda Buxoro xonguli o‘ldirilgani haqida rasmiy ma’lumot berildi

Viloyat Matbuot uyida Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i D.Ochilov va O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi Narzulla Oblomurodov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Dastlab D.Ochilov respublikada davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriyning amal qilish muddati 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirilganligi, viloyatda maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. 

Shundan so‘ng yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Jomboy tumanidagi “Zarafshon” milliy tabiat bog‘ida «Qizil kitob»ga kiritilgan Buxoro xonguli otib o‘ldirilgani haqida tarqalgan xabarga izoh berdi. Unda keltirilgan holatni o‘rganish maqsadida olib borilgan ishlar xususida axborot berdi.

- O‘rganish natijasiga ko‘ra, haqiqatan ham 8 fevral kuni mazkur holat yuz bergan, - deydi D.Ochilov. - “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i atrofida yashovchi fuqaro J.Do‘lanovning bergan ma’lumotiga ko‘ra, milliy tabiat bog‘ining 1-bo‘limidagi Buxoro xonguli saqlanadigan joy (pitomnik)ning orqa tomonidan o‘q ovozi eshitilgan. U ovoz kelgan tomonga borib, daryo bo‘yida bug‘u terisi va bosh qismi yotganiga guvoh bo‘lgan. Holatni o‘rganish bo‘yicha tegishli tashkilot va organlar hamkorligida tezkor guruh tuzildi. Milliy tabiat bog‘iga tegishli bo‘lgan “Niva” rusumli avtomashina va ov quroli ashyoviy dalil sifatida olingan. Bugungi kunda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Ishlar yakuniga yetgach, qo‘shimcha axborot beramiz.

To‘lqin Siddiqov,

Husan Eltoyev.