Jim bo‘lib, ko‘p ishlash kerak!

Bu barcha mas’uliyat bilan amal qiluvchi qat’iy intizomdir, balki barcha sohalarni avtomatlashtirishga erishgan ongli boshqaruv yoki Xitoy siyosatchisi Den Syaopinning o‘z vaqtida mamlakatni rivojlantirish borasida olib borgan oqilona islohotlaridir, degan ko‘plab farazlar bor edi.

Ha, Chin mamlakatining dono rahbarlaridan biri Den Syaopin joriy etgan islohotlarning ahamiyati shunda ediki, u tamoman ikki qutbda bo‘lgan kommunizm g‘oyalari hamda bozor iqtisodiyoti tushunchalarini birlashtirib, kommunistik jamiyatda xususiy mulkchilik rivojiga keng yo‘l ochib berdi. Bu buyuk islohotchining bugun xitoyliklar uchun hikmatga aylanib ketgan fikrlari e’tiborimni tortdi:

“Jim bo‘lib, ko‘p ishlash kerak”; “Hech qanday muhokamaning keragi yo‘q! – Bu men kashf etgan eng yaxshi xulosalardan biri”; “Dunyoga derazangni kattaroq ochsang, u yerdan, albatta, chivinlar uchib kiradi”; “Sovuqqon kuzating, har qanday holatga tayyor bo‘ling, qat’iy turing, o‘z imkoniyat va rejalaringizni oshkor etmang va maqbul fursatni kuting, hech qachon oldinga chiqib olishga harakat qilmang, har bir ishni yakuniga yetkazishga qodir bo‘ling”.

Tabiatan kamtar, e’tirofga arzirli yutuqlaridan mag‘rurlanib ketmagan xitoyliklar bu hikmatlarga qat’iy amal qilishmoqda. Taraqqiyot pillapoyalaridan ko‘tarilib borishda xalqning yo‘lboshchilarga ishonchi va xayrixohligi ham muhim rol o‘ynaydi. Har bir ishda tartib-intizom, o‘z vazifasiga vijdonan yondashuv aksariyat xalq vakillarining qon-qoniga singib ketgan. Ularning ko‘chalaridaBiz vatanimizni sevamiz!” deb yozilgan peshlavhalar yo‘q, ammo bu haqiqatni odamlarning yuz-ko‘zi, qilayotgan halol mehnatidan bilib olish mumkin. Ularning shioriKerakmi, demak uddalayman!”.

Umuman, Xitoyda har bir tashkilotning xodimlar ruhiyatiga shijoat bag‘ishlovchi shiori bor. Masalan, mahsulotining 70 foizi chet elga eksport qilinayotgan “H&C” xususiy korxonasining shioriMen go‘zallik yarataman!”. Mazkur korxonada tekstil mahsulotlarining tarkibiga qo‘shiluvchi spandeks (sun’iy ipak) tola ishlab chiqariladi. Qadimda Chin mamlakati tabiiy ipak tola yetishtirishni birinchi bo‘lib yo‘lga qo‘ygan edi, endilikda jahon tekstil sanoatiga tabiiy tolali matolar mustahkamligini oshiruvchi mo‘’jizaviy sun’iy ipak yetkazib bermoqda. Birgina shu korxonada o‘nlab ratsionalizatorlik takliflarini berib boradigan olimlar guruhi faoliyat olib boradi. Ularni ijodiy yaratuvchanlikka yo‘naltiruvchi shart-sharoit yaratilgan.

Xitoyliklar bizning xalqimizdek bardoshli, mehnatkash, ko‘zlagan maqsadiga, albatta, erishadigan xalq ekan. Sabrli demagan bo‘lardim. Bilasizmi, sabr deganda ba’zan osmondan tushadigan, g‘oyibona baxt va omadni kutish tushuniladi. Agar sabrli sustkash bo‘lganda ular tez fursatda jadal taraqqiyotga erishmagan bo‘lardi.

Xitoylik do‘stimiz Channing aytishicha, uning bolaligi o‘tgan 70-yillarda hatto yeyishga guruch bo‘lmagan ekan, ochlikdan qiynalgan aholi chigirtkalarni yeb kun ko‘rgan. Shuning uchun bu xalq boqimandalik kayfiyatidan yiroq, “Qiyinchilikda faqat o‘zingni o‘zing qutqarishing mumkindegan shiorga amal qiladi. Xitoyliklar borni yeb yo‘q qilishmaydi, tirishib-tarmashib, yo‘qdan bor qilishning uddasidan chiqishadi.

Xullas, uzoq yillar davomida asosiy e’tiborini ko‘p sonli aholisini boqish, ochlikni yengishga qaratgan Xitoy hozirga kelib, jahondagi iqtisodiy kuch-qudratga ega Yaponiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniyadek rivojlangan davlatlarni ortda qoldirib, iqtisodiy taraqqiyotda AQShdan keyingi ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Iqtisodiyot faylasuflarining bashorat qilishlaricha, birinchilik tantanasiga ham uzoq vaqt qolmadi. Kim qilich bilan, kim siyosat bilan zabt etishga uringan dunyoni Xitoy o‘z mahsulotlari bilan egallamoqda. Savdo bozorlari iste’molchilari e’tiborini o‘z maftunkorligi va salohiyati bilan jalb eta oldi.

Xitoyajabtovur ixtirolar vatani. Bu mamlakat bugungi kunda jahonga sanoat mahsulotlaridan tashqari inson resurslarini ham yetkazib bermoqda. Ular aqliy mehnat resurslaridir. Xitoylik mutaxassislar dunyodagi ko‘plab mamlakatlarning texnologik rivojiga katta hissa qo‘shyapti.

Xitoylik do‘stlarimizning xalqimiz kabi mehnatkashligini guruhimiz bilan Chanle tumanidagi tekstil korxonasiga tashrifimiz chog‘ida mazkur inshoot tashkil qilinishiga doir hujjatli filmni ko‘rganda dildan his qildik. Odamlar qurilishga yaroqsiz, suvli hududni tuproq bilan ko‘mib, ko‘p mashaqqatlar evaziga bitta shahar kattaligidagi maydonda korxona bunyod etishgan ekan. Biz inshoot nega aynan shu hududda bunyod etilgani sababi bilan qiziqdik. Ma’lum bo‘lishicha, korxona rahbari shu tumanda tug‘ilib, voyaga yetgan va uni obodonlashtirish, iqtisodini ko‘tarishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan ekan. Shuningdek, korxona mahsuloti uchun zarur xomashyo manbasi shu hududga yaqin joylashgan va ushbu noqulay yerda ishlab chiqarish tashkil qilgani uchun tadbirkorga soliqdan imtiyoz berilgan ekan.

Uzoqni ko‘ra oladigan bu ishbilarmon inson 1 milliard AQSh dollarlik sarmoyani shu hududni o‘zlashtirishga, unda ko‘p qavatli avtomatlashtirilgan yuksak salohiyatli korxona tashkil etishga sarflabdi. Bu korxona tashkil qilinganiga bor-yo‘g‘i uch yil bo‘lgan bo‘lsa-da, faoliyatda juda katta yutuqlarga erishibdi.

Bizda ayni kunlarda olib borilayotgan islohotlar, davlat rahbarining kuyunchaklik bilan hammani yaratuvchanlik, bunyodkorlik, tadbirkorlikka ruhlantirishi, turli sohalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz kelgusida yurtimizning ham yuqori taraqqiyot pillapoyalariga chiqishiga ishonch va umid beradi. Bu maqsadlarga erishishda yurt rahbariga xayrixoh bo‘lib, jamiyatdagi korrupsiya, o‘zibo‘larchilik, dabdaba va ortiqcha sarf-xarajatlarga qarshi yakdil kurashishimiz talab etiladi.

Bu yo‘l yolg‘izoyoq yo‘l emas, uni bosib o‘tgan, kechmishi, ruhiyati, orzu va intilishlari bizga yaqin bo‘lgan xalqlar tajribasini o‘rganish, ularning yutuqlaridan namuna olib, xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Manzura BEKJONOVA,

Jurnalist.