Jinoyatchi hayvonlar
Ha, to‘g‘ri o‘qidingiz. Haqiqatan ham jinoyatchi hayvonlar bor. Odamlar qonunni buzsa, albatta jazolanadi. Lekin agar qonunni biror bir hayvon, masalan, mushuk buzsa-chi? Unga qanday jazo ko‘riladi? Axir uning panjalari uchun hatto qo‘lkishan ham ixtiro qilinmaganku. Mabodo siz hayvonlar jinoyatga qo‘l urmaydi, desangiz, yanglishasiz, biz esa bunday emasligini isbotlab, hayvonlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar haqida gapirib beramiz.
O‘g‘ri chayka
Ro‘yxatimizdagi birinchi jinoyatchi tajribali o‘g‘ri. U Shotlandiyaning Aberdin shahrida yashaydigan Sem laqabli baliqchi qushdir. Epchil qush “RS McCol” do‘konini o‘ziga ma’qul ko‘rib, do‘konda odamlar kamroq yoki xizmatchi kassa yonida bo‘lgan paytni kutadi, so‘ng hujumini amalga oshiradi. U lapanglab «Doritos» chipslari joylashgan stend tomon yurib, tezda tumshug‘i bilan chipslar pachkasini ilib olib, qochib ketadi.
Qizig‘i, uni faqat aynan shu markadagi kartoshka chipslari qiziqtiradi. Mabodo Sem ochko‘z ekan, deb o‘ylamang. U o‘ljasini bajonidil patli do‘stlari bilan baham ko‘radi. Bu chayka to‘g‘risida butun shahar biladi, ba’zida odamlar chipslar sotib olib, Semga berish uchun bu yerga kelishadi.
Bosqinchi mushuk
Yangi Zelandiyaning Oklend shahrida yashovchi 11 yoshli Oskar laqabli mushuk ko‘p yillar davomida ikki tomonlama hayot kechiradi – u boshqa odamlarning paypog‘ini o‘g‘irlaydi. Egasi Pol Vay mushuk uning uyiga uch mingga yaqin paypoq olib kelganini aytadi. Avvaliga erkak barcha o‘g‘irlangan paypoqlarni qaytarib bermoqchi bo‘ldi, lekin keyin bunday qilish juda qiyin kechishini tushunib yetdi. U barcha paypoqlarni yig‘ib, xayriya tashkilotlariga beradi. Paypoqlar Oskarning yagona zaif tomoni emas, ba’zida u uyga kir yuvish savatlaridan tortib olingan yoki qo‘shnilarning arqonidan o‘g‘irlangan ichki kiyimlarni ham olib keladi.
Babuinlar to‘dasi
2009-2011 yillar mobaynida Janubiy Afrikaning Keyptaun shahrida avtomobil hujumlari keskin o‘sdi. Bu oddiy voqea bo‘lgan bo‘lardi, biroq yangi jinoiy to‘daning rahbari 29 ta babuindan iborat jinoiy guruhning boshlig‘i Fred laqabli maymun edi. Aynan o‘sha paytda shahar 2009 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilar va Keyptaunga ko‘plab sayyohlar va futbol muxlislari o‘z mashinalarida kelgandi. Ko‘chalardagi ko‘p sonli mashinalar esa bu to‘daning foydasiga ishlardi. Ular har kuni oziq-ovqat izlab, qo‘yilgan mashinalardan olib chiqish mumkin bo‘lgan hamma narsani olib ketishardi. 2011 yilning 25 martida Fred qo‘lga olindi va to‘da o‘z faoliyatini to‘xtatdi.
Qaroqchi-orangutan
Asirlikda tarbiyalangan Prinsessa laqabli orangutan nafaqat imo-ishora tilida gapira oladi, balki u qaroqchi hamdir. U daryoni kesib o‘tib, o‘zi uchun ovqat topish maqsadida bu kanoe qayiqlaridan foydalanadi. Mahalliy aholi uni chalg‘itish niyatida barcha qayiqlarni arqon bilan bog‘lab qo‘yishdi. U bo‘lsa tezda ularni qanday qilib yechib olishni uddaladi. Endi barcha kanoe egalari qayiqlariga og‘ir toshlar ortib, faqat shu tarzda orangutan ularni o‘g‘irlay olmasligiga ishonib, suvga cho‘ktirib qo‘yishga majbur bo‘lishyapti.
Avtomobil o‘g‘risi - ayiqpolvon
Kaliforniyaning Taxo ko‘lida dam olayotgan Makkartilar oilasi ayiq aybi bilan mashinasiz qolishiga sal qoldi. Tungi soat uchlarda hayvon chodir yonida to‘xtab turgan mashinaga “kirdi” va tasodifan mashinani qo‘l tormozidan chiqarib yubordi. Ayiqpolvon shu payt hayotidagi eng aqlbovar qilmas sayohatini o‘tkazgan bo‘lsa, ajabmas. Uning baxtiga mashina tezda yaqin turgan kattatoshga to‘qnashib, to‘xtab qoldi. Ayiq g‘azablangan odamlarni kutib o‘tirmasdan tezda o‘rmon tomon g‘oyib bo‘ldi. Voqea joyiga yetib kelgan sherif o‘rinbosarining dalolatnomada “mashinani ayiq o‘g‘irlab ketgan” deb yozishdan boshqa chorasi qolmadi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.