Jom: Bir kelib keting qishlog‘imizga

Joriy yilning fevral oyi oxirida boshlangan ushbu xayrli tashabbus samarasida tashabbuskorlar va homiy tashkilotlar tomonidan mazkur qishloqlardagi 761 uy-joyda ta’mirlash ishlari olib borildi. Zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi, qishloq oilaviy poliklinikasi, 420 o‘rinli “Jom dehqon bozori” barpo qilindi. Hammom, ikkita avtobekat, uchta avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, 14 savdo hamda umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurildi. Namunaviy loyiha asosidagi arzon 75 ta uy-joy bunyod etildi. Mahallalardagi 7,76 kilometr yo‘llarga asfalt yotqizildi, 22,1 kilometr tuproq yo‘lga tosh qoplama to‘shaldi. Hududni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 12 ta yangi transformator o‘rnatildi, 6 ta transformator kapital ta’mirlandi. Ikkita ichimlik suvi inshooti qurildi va bittasi rekonstruksiya qilindi.

20 mingdan ziyod aholi, maktab o‘quvchilari to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 24 nogironga reabilitatsiya markazida davolanish uchun order berildi.

Hududdagi 22, 23, 45-umumiy o‘rta ta’lim maktablarining yo‘laklari yangilandi, sport zallari ta’mirdan chiqarildi, yoritish chiroqlari almashtirildi. Muassasalar hovlisi devor bilan o‘raldi, sinflar yangi jihozlar bilan ta’minlandi.

Aholi xonadonlari o‘rganilib, ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalar hamda nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga uy jihozlari, kir yuvish vositalari, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. 14 ta kam ta’minlangan oilaga qoramol berildi, 14 nafar nogironga tikuv mashinasi, to‘rt nafariga nogironlik aravachalari tarqatildi. Xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida “Bibixonim” o‘quv markazi tomonidan o‘quv kurslari tashkil etildi.

Xullas, hududda amalga oshirilgan ishlar salmog‘ini sanab, adog‘iga yetolmaysiz. Muhimi, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ushbu xayrli tashabbus Jom qiyofasini tubdan o‘zgartirish bilan birga, odamlarda bugunidan shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shuning uchun ham bu yerda bunyod etilgan inshootlarni foydalanishga topshirish marosimlari katta tantanaga aylandi. Bajarilgan ishlar, o‘zgarishlardan mamnunlik ifodasi jomliklarning yuzlarida, tillarida ifodalandi.

- Shu yoshga kirib, nafaqat mahallamizda, balki tuman qishloqlarida ham bunday katta ko‘lamdagi obodonchilik ishlariga guvoh bo‘lmaganman, - deydi mehnat faxriysi Norqul Chimirzayev. – Eng katta muammomizga yechim topilib, toza ichimlik suvi bilan ta’minlandik. Xonadonlarga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilmoqda. Ishsiz fuqarolarimizga hovlisida issiqxonalar qurib berilyapti. Qishloqdoshlarimiz uy-joylarining kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, egalik huquqi belgilandi. Qishlog‘imiz obodligini ko‘rib, xalqimizning ko‘zi quvnayotir.

Tadbirlar davomida Jom mahallasi hududida 60 o‘rinli zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirildi.

- Bir-biridan shinam, zamonaviy jihozlangan, barcha qulayliklarga ega ushbu 9-maktabgacha ta’lim muassasasining bunyod etilishi jomliklar va ularning farzandlari uchun unutilmas voqea bo‘ldi, - deydi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Dilovar Amirova. – Binoning isitish tizimlari, yotoqxona, oshxona, yozgi o‘yingohlardagi sharoit shahardagidan qolishmaydi. 12 nafar mutaxassis ish bilan ta’minlangan ushbu muassasa qurilishiga ikki milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi.

Shuningdek, tadbirlar doirasida qishloq aholisi uchun arzonlashtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi. Xalq o‘yinlari, sport musobaqalari o‘tkazildi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov jomliklarni yangiliklar, o‘zgarishlar bayrami bilan qutlar ekan, qishloqlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash va ularga qulay sharoit yaratish maqsadini ko‘zlagan mazkur ezgu ishlar bundan keyin ham davom etajagini bildirdi. Tadbirda 19 nafar kam ta’minlangan, imkoniyati cheklangan fuqarolarga namunaviy loyihalar asosida qurilgan arzon uy-joylarning kaliti topshirildi. Yana bir guruh oilalarga maishiy texnikalar, uy-ro‘zg‘or buyumlari berildi.

Viloyat rahbari jamoatchilik vakillari hamrohligida qishloqlarda yangi barpo etilgan qishloq oilaviy poliklinikasi, dehqon bozori kabi inshootlar faoliyati bilan tanishdi.

Qishloqdagi ikkita sahnada poytaxtdan kelgan san’atkorlar, viloyat badiiy jamoalarining konsert dasturlari namoyish etildi.

Tadbir davomida o‘tkazilgan sport musobaqalari g‘oliblari tashkilotchilarning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T.Xudoyberganov ishtirok etdi.

Abdug‘ofur ShERXOLOV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).