“Jomboy ziyo chashmasi” ovoz yozish studiyasida imkoniyati cheklanganlar uchun audiokitoblar tayyorlandi

Zamonaviy texnika va texnologiyalar imkoniyatidan kengroq foydalanishga harakat qilayotgan insonlarning jonbozligi bilan keyingi yillarda kitoblarning audio varianti tayyorlanib, ko‘pchilik uchun qulaylik yaratilmoqda.

Jomboy tumani ko‘zi ojizlar jamiyati qoshida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Jomboy ziyo chashmasi” ovoz yozish studiyasida ham ana shunday xayrli ishga qo‘l urildi.

Xususan, ushbu studiyada Mirkarim Osimning “Ibn Sino”, Xosiyat Bobomurodovaning “Hisobli dunyo”, Farmon Toshevning “Tazarru”, “Go‘zal iztirob”, Jumagul Suvonovaning “Qirmiz qizning qissasi” kabi she’r va nasriy asarlari, jahon adabiyotidan Onore de Balzakning “Chin sevgi” hikoyasi ovozlashtirildi.

Mashaqqatli mehnat va fidoyilik evaziga tayyorlanayotgan audiokitoblarni aholining keng qatlamiga, shuningdek, tegishli korxona-tashkilotlar kutubxonalariga yetkazishda madaniyat, xalq ta’limi boshqarmalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tasarrufidagi tashkilotlar yordamiga, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari va internet nashrlari targ‘ibotiga jiddiy ehtiyoj sezilmoqda.

Audiokitoblarni xarid qilishni xohlovchilar “Jomboy ziyo chashmasi” ovoz yozish studiyasiga murojaat qilishlari mumkin.

Ma’lumot uchun Ma’ruf Rasulovga murojaat qilishingiz tavsiya qilinadi: Samarqand viloyati Jomboy tumani, Toshkent ko‘chasi 8-uy, +99897-575-56-35 raqamli telefon.

Savob ishdan, eng muhimi, kitobga oshno bo‘lishdan chetda qolmang!