Jomboyda bu yil 4 ta maktab filiali qurildi

Tumandagi 9, 13, 16 va 48-umumiy o‘rta ta’lim maktabi filiallari qurilishi uchun 1,3 milliard so‘m sarflangan. Ushbu pullar viloyat byudjetidan ajratilgan.

Shuningdek, investitsiya dasturi doirasida 26-maktab kapital ta’mirlangan bo‘lsa, 44-maktab uchun qo‘shimcha bino va sport zali qurilgan. Umumiy hisobda 5,2 milliard so‘m sarflangan. Bu loyiha “Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida moliyalashtirilgan.

Tumanda “Obod qishloq” dasturi asosida ham bir qator muassasalar ta’mirlangan. Jumladan, Qo‘lbosti mahallasidagi 38-maktab joriy ta’mirlangan, Nogahon mahallasidagi 55-maktabda esa 240 o‘rinli o‘quv binosi foydalanishga topshirilgan. Buning uchun qariyb 3 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari, yana 15 ta maktab tuman mahalliy byudjeti hisobidan ta’mirlangan. Yana bir qator maktablarda isitish tizimi yangilangan.

OAV xodimlari mazkur muassasalarda bo‘lib, qurilish ishlari sifati bilan tanishdi. O‘rganish jarayonida 55-maktabning yangi qurilgan qo‘shimcha binosi uchun jihozlar hali kelmagani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, 13-maktab filialida hozirgacha ayrim kamchiliklar bo‘lgani (hojatxona va qozonxona tom qismi bitmagan) sabab ota-onalar OAV xodimlariga o‘z e’tirozlarini bildirgan. Ota-onalarning aytishicha, sinf xonalariga doskalarni ilib bo‘lmaydi. Devorlar gipsokartondan qurilgani sababli doska og‘irligini ko‘tarolmaydi. Mutasaddilar maxsus doskalar keltirish orqali muammo yechim topishi, boshqa kamchiliklar tez kunda bartaraf etilishini ma’lum qilishdi.