Jomboyda karantin qoidalarini buzgan 70 nafar fuqaroga ma’muriy chora ko‘rildi
Jomboy tumani bugungi kunda epidemiologik nuqtai nazaridan xavf darajasi o‘rtacha – “sariq” toifaga kiritilgan.
Tuman hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni paytda Toyloq, Urgut, Payariq va Oqdaryo tumanlari hamda Samarqand shahri bilan tutash hududlari, xususan, Qarapchi, Olmazor, No‘sh, Tut, Zarafshon mahallalarida kuchaytirilgan tartibli blok-postlar tashkil qilingan. Kirish-chiqish cheklangan alohida hudud mavjud emas.
Zarafshon, Tut hamda No‘sh mahallalarida doimiy ro‘yxatda turgan fuqarolarda xastalik aniqlangan. Ular respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi hamshiralari bo‘lgan va xastalik aniqlangan vaqtda tuman hududida bo‘lmagan. Oila a’zolari, yaqin qarindoshlari, qo‘shnilar tibbiy kuzatuvga olingan. 14 kunlik karantin davrida ularning hech birida infeksiya aniqlanmagan.
Tuman hududida bir oilaning 3 nafar a’zosi statsionar karantinda saqlanmoqda. Uy qo‘riqloviga olingan fuqarolar mavjud emas.
Hozirgacha 767 nafar jomboylik tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan va ularning 764 nafarida infeksiya aniqlanmagan. 3 nafar kuzatuvdagi shaxsning tahlil natijasi kutilmoqda.
Jomboylik bir nafar bemor xastalikdan sog‘ayib, bugungi kunda reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan.
Shu paytgacha tuman bo‘yicha karantin qoidalarini buzgan 70 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Tumanga xorijdan 12 nafar shaxs kirib kelgan. Ular to‘liq karantin muddatini o‘tagan va xastalik alomatlari aniqlanmagan.