Jomboyda tungi reydlar o‘tkazilmoqda. Ikki nafar voyaga yetmagan qizlarga murabbiy biriktirildi
Jinoyatchilik holatlarining oldini olish maqsadida Jomboy tuman xotin-qizlar qo‘mitasi tuman ichki ishlar bo‘limi bilan hamkorlikda tungi reydlar o‘tkazmoqda. Yanvar oyidan boshlab muntazam ravishda o‘tkazilayotgan reydlar davomida jamoat joylarida, mahalla guzarlari, ovqatlanish shoxobchalarida nazorat ishlari olib borilayotir.
- Kechki to‘qqizlarda voyaga yetmagan qizlar tuman markazidan ancha olisda bo‘lgan mahalladan kelib, restoranda ovqatlanib o‘tirishi har qanday kishida shubha uyg‘otishi mumkin, - deydi Jomboy tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Hafiza O‘sarova. – Voyaga yetmagan maktab o‘quvchilari kechki paytda uyidan ancha olisda bo‘lgan restoranga faqat ovqatlanish uchun keldik, deb izoh berayapti. Ammo nopok niyatli kishilar qo‘liga tushib qolsachi? Uning asorati albatta jinoyat bilan tugaydi. Bu qizlarning shaxsini aniqlashtirganimizda ularning biri notinch oila farzandi, yana birining ota-onasi xorijda ekanligi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Maktab o‘qituvchilari, ota-onalari, mahallaga bu haqda xabar berilib, ularga murabbiy biriktirildi. Bittasiga tikuv mashinasi ajratilib, darsdan bo‘sh vaqtlarida tikish-bichish bilan shug‘ullanishi uchun tikuvchiga shogird tushdi
Shuningdek, reydlar davomida tungi vaqtda ikki nafar ayol spirtli ichimliklar ta’sirida mast ahvolda ko‘chada yurgani aniqlanib, ularni davolatish uchun tegishli muassasaga jo‘natildi.
Aytish kerakki, bu kabi reydlar hamda boshqa targ‘ibot tadbirlari natijasida yanvar oyida tumanda xotin-qizlar hamda voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatlar qayd etilmadi. Qolaversa, profilaktika inspektorlarining mahallaning o‘zida istiqomat qilishi, notinch oiladagi vaziyatga mahalla mutaxassisi bilan o‘z vaqtida kirib borishi ham yaxshi samara beryapti.
Gulruh MO‘MINOVA.