Jomboydagi MChJda hisoblangan, lekin to‘lanmagan 52 million so‘m ishchi-xodimlarga undirib berildi
Mehnatga haq to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas.
Haq to‘lanadigan kun dam olish kuni yoki bayram kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, mehnat haqi shu kun arafasida to‘lanadi.
Mehnat kodeksining 161-moddasida mehnatga haq to‘lash shu kabi muddatlari aniq va ravshan belgilab qo‘yilgan.
Jomboy tumani adliya bo‘limi tomonidan tumandagi “Jomboy-Agroservis MTP” mas’uliyati cheklangan jamiyatda ushbu modda talablariga rioya etilishi holati monitoring asosida o‘rganildi.
Monitoring davomida mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 13 nafar ishchi-xodimlarga hisoblangan 52 million 604 ming 124 so‘m ish haqlari muddatida to‘lab berilmaganligi aniqlandi.
Ushbu ishchi-xodimlar manfaatini ko‘zlab, fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudiga ariza kiritildi. Sudning 2020 yil 15 maydagi buyruqlariga asosan hisoblangan, lekin to‘lab berilmagan 52 million so‘mdan ko‘proq ish haqlari undirib berildi.
Abdug‘ani ISROILOV.
Jomboy tumani adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi.