Jomboydagi xonadonga yaralangan noyob cho‘l burguti kelib qoldi
Jomboy tumani «Qoramo‘yin» mahallasida yashovchi B.Sholbakov xonadoni atrofiga bir qanoti yaralangan noma’lum yovvoyi yirtqich qush kelib qolgan.
Ko‘rinishidan mahalliy qushlarga o‘xshamaganligi sababli tabiatga befarq bo‘lmagan ushbu fuqaro, mutaxassislarga murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, ushbu qush cho‘l burguti bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi "Qizil kitobi"ga kiritilgan.
Ayni paytda mazkur qush tuman Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan qabul qilib olinib, Zarafshon milliy tabiat bog‘ining reabilitatsiya markaziga maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida topshirildi. U tez orada tabiat qo‘yniga qo‘yib yuboriladi.
Ekologiya boshqarmasi qush haqida o‘z vaqtiga xabar bergan fuqaroga tashakkurnoma bildirgan.