O‘zbekistonda Buyuk Britaniya ishtirokida Osiyo gepardi qaytadan ko‘paytiriladi
O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Britaniyaning "The Aspinall Foundation" tashkilotining xalqaro masalalar bo‘yicha direktori Amos Kuraj hamda mutaxassislar Toni King va Ctyuart Robertson bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Amos Kuraj davlatimiz rahbarining shu yil 12-17 fevral kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan CMS COP14 xalqaro konferensiyasidagi nutqida O‘zbekistonda Osiyo gepardlarini qaytadan ko‘paytirish haqidagi tashabbusi Britaniya tomonida katta qiziqish uyg‘otganini ta’kidladi. Shuningdek, u respublikada muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sonini uch barobarga ko‘paytirilishi, yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish bo‘yicha yangi loyihalarni 2024-2027 yillar davomida yanada jadallashtirish bo‘yicha vazifalarni e’tirof etdi.
Muloqot davomida dunyo bo‘ylab yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvonlarni saqlab qolish va ularni ko‘paytirishga doir loyihalarini o‘zbekistonlik hamkorlikda amalga oshirish masalalari xususida fikr almashildi.
Britaniya vakillari O‘zbekistonda Osiyo gepardlarini qaytadan ko‘paytirish, ularni saqlash va tahlilini yuritish va boshqa jihatlarni qamrab olgan loyihalarda ishtirok etishga roziligini bildirdi.
Mazkur yo‘nalishlardagi vazifalarni batafsil muhokama qilish maqsadida "The Aspinall Foundation" tashkiloti va O‘zbekiston Atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vakillari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha alohida uchrashuv tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi.
"The Aspinall Foundation" dunyo bo‘ylab yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvonlarni himoya qilishga bag‘ishlangan xalqaro xayriya tashkiloti hisoblanadi. Fond 1984 yilda tashkil etilgan va uning maqsadi tutqunlikdagi hayvonlarni butun dunyo bo‘ylab qo‘riqlanadigan yovvoyi tabiat hududlari va qo‘riqxonalariga qaytarishdan iborat. Shuningdek, dunyodagi eng noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvonlarni ko‘paytirish, parvarish qilish, qo‘riqxonalarni loyihalashtirish va ularni yovvoyi tabiatga yaqinlashtirish.
Tashkilotning dunyo bo‘ylab yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvonlarni jumladan, gorilla, fil, karkidon, jirafa, mallarang sirtlon, Yevropa bizoni va bo‘risi, yo‘lbars, Osiyo gepardi va boshqa turdagi jonzotlarni kelgusida saqlab qolish va ularni ko‘paytirib yovvoyi tabiatga moslashtirishga doir loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan, deya xabar beradi “Dunyo”.