Jomboylik dehqon nega tumandagi yagona anjirzorni saqlab qolish uchun kurashmoqda?
Qang‘li mahallasida yashovchi Isomiddin Vohidov ikki gektardan ortiq anjirzorni asrab qolish uchun yillar davomida kurashib keladi. Kim bilan, nima uchun, deysizmi?
Bog‘dorchilikning bu tarmog‘i kishidan sabr, kuch va mashaqqat talab qilishi rost. Kuzda tuproq bilan ko‘mish, bahorda ustini ochib, yana tekislash, Jomboyning mo‘’tadil iqlimiga chap berib, hosil olish oson emas. Har holda I.Vohidov bu ishning uddasidan chiqqan. Qarovsiz yerda anjirzor yaratib, sifatli mahsulot olishga erishgan. Ammo uni boshqa masala cho‘chityapti.
Kichik anjirzorning katta tashvishi
Bir vaqtlar bog‘ni buzib, o‘rniga mosh ekmoqchi bo‘lishdi. Salkam yetti yillik mehnat zavol topish arafasida edi. Lekin sohani yaxshi bilgan rahbarlar jim qarab turmadi. Bog‘ning bir qismi saqlab qolindi.
– Bog‘ni buzamiz, degan gaplar yetti yil tinchlik bermadi, – deydi I.Vohidov. – Mehnati singmagan kishiga buni aytish oson. Umrimning yarmi shu yerga sarf bo‘ldi. Hosilga kirib, endi rohatini ko‘rish fursati kelganda... Bog‘bonni tushunish kerak. Mana, Jomboyning anjirini turli viloyatlardan so‘rab keladigan kun ham kelar ekan. Xaridorlar iyun oyidan kelishni boshlaydi. Maqtanish emas, sohada ozmi-ko‘p tajriba to‘pladik. Hamon izlanib, yangilik yaratsak, deymiz.
Anjirzorni ko‘zdan kechirdik. Bog‘bon aytganidek, hademay birinchi hosil terib olinadi. 500 tup anjir o‘tgan yili 10 tonna hosil beribdi. 30 milliondan ortiq daromad qilingan.
Bedavo dardga malham bo‘ldi
– O‘tgan yili qo‘shni tumandan izlab kelishdi, – deydi bog‘bon. – Bir ayolning farzandi betob yotgan ekan. Do‘xtirlar aniq tashxis qo‘yishmabdi. Tabiblarning tavsiyasi bilan shu yerni topib kelgan. Pishib, ezilgan anjirni daraxtdan uzib berdik. Shoxidan sindirib oldi. Oradan ancha vaqt o‘tib yana keldi. Farzandi sog‘ayib, oyoqqa turibdi. Ibn Sino “Tib qonunlari” kitobida ham yozib qoldirgan. Anjir shamollash, yo‘tal, saraton, jigar, o‘pka yallig‘lanishi kabi ko‘plab xastaliklarga shifo bo‘ladi. Zamonaviy tibbiyotda damlama sifatida iste’mol qilish tavsiya etiladi. “Jannat mevasi”, deb ta’rif berilgan o‘simlikning biz bilmagan yana qancha xislati bor? Bunisi yaratganga ayon.
Daraxt ustidagi tuproq qatlami erta bahorda ehtiyotkorlik bilan olinadi. Novdasiga shikast yetsa, hosil bermasligi mumkin. Keyin tagi yumshatilib, mahalliy o‘g‘it sepiladi. O‘rgimchakkana, shirincha va boshqa kasalliklarga qarshi kimyoviy ishlov beriladi. Tez-tez sug‘orib turiladi. Qancha ko‘p suv ichsa, mevasi shirali va to‘yimli bo‘ladi.
Bog‘bon yaratgan yangi retsept mo‘may daromad keltirishi mumkin
Anjirning mevasini saqlab turish qiyin. Ammo undan murabbo tayyorlansa, daromad ikki hissa bo‘ladi. Dunyo miqyosida ham yetishtirilgan hosilning 70-80 foizi qayta ishlanadi. Buni bejizga aytmayapmiz.
I.Vohidov anjir murabbosini tayyorlash bo‘yicha maxsus retsept yaratibdi. O‘tgan yili tayyorlagan murabbosini ko‘rsatdi. Tatib ko‘rdik. Chindan ham gapida jon borga o‘xshaydi. Mazasi o‘zgacha. Qayta ishlansa ham shakli va sifati yo‘qolmagan. Xushbo‘y ifori, ta’mi bilan ajralib turibdi. Xullas, yangi mahsulotni laborator sharoitda o‘rganib, jamoatchilikka yetkazish zarur.
To‘siqlar qachon kamayadi?
Jomboyning boshqa hududida katta anjirzorlar uchramaydi. Isomiddin aka dastlab, besh gektar yerni obod qilib, anjirzor yaratgan. Ammo turli yillarda, har xil qarorlar chiqarilib, qisqartirib kelingan.
Shuncha natijaga erishgan bog‘bonning mehnati qadrlanib, taklifi inobatga olinsa, bundan faqat el manfaat ko‘radi. Yangi ish o‘rinlari yaratilib, qishloq xo‘jaligining bu tarmog‘i rivojlanadi. Bog‘bonni bezovta qilayotgan mutasaddilar masalaning shu tomonlarini chuqurroq o‘ylab ko‘rishi kerak.
Ahror ShAMSIYeV,
“Jomboy tongi” muxbiri.