Jomboylik onaxon 74 yoshida pasport oldi va pensiyaga chiqdi

Avval xabar berganimizdek, Jomboylik Oftob aya Ortiqovaning tug‘ilganligi oradan 74 yil o‘tib qayd qilingan edi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining 2022 yil 9 iyundagi hal qiluv qaroriga asosan dalolatnoma yozuvi qayta tiklanib, Jomboy tuman adliya bo‘limining FHDYo bo‘limi tomonidan tug‘ilganlik guvohnomasi topshirilgan edi.

 

Fuqaroning tug‘ilganlik guvohnomasi yo‘qligi oqibatida shaxsini tasdiqlovchi pasport ololmagani, bundan tashqari, yoshi bir joyga borib qolgan bo‘lsa-da, haligacha pensiyaga chiqa olmaganini ma’lum qilgan edik.

Guvohnoma olgach ayaning hayotida tub burilishlar sodir bo‘ldi. FHDYo bo‘limi mudirasi G.Badriddinova hamda Jomboy tuman hokimining “Vazira” mahallasidagi hokim yordamchisi Sh.Ergashev aralashuvi bilan tuman IIB tomonidan fuqaroga pasport rasmiylashtirilib berildi. Hali bu hammasi emas, aya shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yordamida pensiyaga chiqdi.

 

Mazkur voqea adliya organlarining xalq orasiga kirib borayotgani, joylarda o‘tkazilayotgan “mahallabay” o‘rganishlar, Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar samarasidan darak beradi.   

 

Mansur Hasanov,

Samarqand viloyat adliya boshqarmasi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchi