Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jomboyning “Obod qishloq”lari

Jomboyning Qo‘lbosti qishlog‘i tuman markazidan 20-23 kilometr olisda, dasht hududda joylashgan. Boshqa tumanlardagi qishloqlar bilan qiyoslaganda markazdan uncha olis emas. Ammo e’tibor qaratilmasa, infratuzilma yaratilmasa, masofaning ham ahamiyati yo‘qolar ekan.

< class=’video-wrapper’>

Qo‘lbostida ham shu paytgacha sharoit boshqacha edi. Odamlar yaxshi turmush kechirishining asosi bo‘lgan ichimlik suvi, yo‘l, elektr energiyasi ta’minoti, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish masalalarida muammolar to‘planib qolgandi. Ta’lim va tibbiyot muassasalari faoliyatida ham kamchiliklar kam emasdi.

Bu yil “Obod qishloq” dasturiga taklif so‘ralganda tuman rahbarlari-yu deputatlar, jamoatchilik Qo‘lbosti va Nogahon mahallasidagi Qo‘ziguzar qishloqlarini tanlashdi.

Erta bahordan ushbu qishloqlarda qurilish-obodonlashtirish ishlari boshlandi.

Qo‘lbostidagi ishlar shu paytgacha tayinli binosi bo‘lmagan mahalla uchun markaz qurishdan boshlandi va bu ish qisqa fursatda bajarildi.

Bu yerda mahalla fuqarolar yig‘ini uchun xonalar bilan birga kutubxona, novvoyxona, kichik tikuvchilik sexi tashkil etildi.

Qishloqdagi 212 ta xonadonning har biridagi sharoit o‘rganilib, bu hovli-joylarga ta’mirlashga yordam ko‘rsatildi. Ikkita ehtiyojmand, ijtimoiy og‘ir sharoitdagi oila uchun uy-joy qurib berildi. 9 oilaga qurilish materiallari ajratildi.

- Shuningdek, qishloqdagi yo‘llarga tosh-shag‘al to‘kildi, markaziy ko‘cha asfalt qilindi. 1700 metr yangi elektr tarmog‘i tortildi, 65 ta tayanch ustun va 1 ta yangi transformator, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Qishloqda o‘tgan asr saksoninchi yillarida o‘rnatilgan suv inshooti ta’mirlanib, 7 kilometr masofaga ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Aholiga 135 ta gaz ballonlari tarqatildi.

Ha, darvoqe, qishloqda 3000 metr optik tolali aloqa tarmog‘i ham tortildiki, bu hudud aholisining zamonaviy aloqa xizmatlari, internetdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi.

E’tiborlisi, dastur doirasida bir qator savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu shoxobchalarni mahallada “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan aholi imtiyozli kredit asosida yoki homiylar ko‘magida tashkil etdi.

Qo‘lbosti mahalla fuqarolar yig‘ini uchun qurilgan binoda tashkil etilgan tikuvchilik sexida ham bugun qishloqning o‘ndan ortiq xotin-qizlari ish bilan band.

Mahalla oqsoqolining aytishicha, yil boshida hududdagi 32 oila “Temir daftar”da, 63 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”da, 82 nafar yigit-qizlar esa “Yoshlar daftari”da ro‘yxatga olingan edi. Ularni kambag‘allikdan chiqarish, bandligini ta’minlash va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli hozirgacha deyarli barchasi belgilangan tartibda ro‘yxatdan chiqarildi.

Zilola O‘rozaliyeva ham “Temir daftar”da qayd etilgan oila bekasi edi. Qo‘lida tikuvchilik hunari bor Zilolaga tikuv mashinasi berilib, mahalla markazida tashkil etilgan sexni boshqarishga taklif etishdi.

Hozirda Qo‘lbostida “Obod qishloq” dasturi asosida so‘nggi yumushlar amalga oshirilmoqda. Yaqin orada bu ishlar yakuniga yetkazilib, Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi bayramini qishloq ahli obod maskanda nishonlaydi.

Shu kabi yumushlar bugun tumanning Nogahon mahallasidagi Qo‘ziguzar qishlog‘ida ham qizg‘in davom etmoqda.