Jomning gilamlari xorijga sotiladi
Nurobodlik Qunduz Xudoyorova gilam to‘qishni 9 yoshida o‘rgangan. Bu hunar bilan shug‘ullanib, ota uyida ham, kelin bo‘lib tushgan xonadonida ham kam bo‘lmadi. Gilamchilikdan ro‘zg‘origa qo‘shimcha daromad keltirib turdi.
- Bolaligimizda onam qo‘y va tuya junlarini titish, ip yigirish, bo‘yash va to‘qib, gilam holiga kelguncha bo‘lgan jarayonlarni birma-bir o‘rgatgan, - deydi u. – Biz to‘qigan gilamlarni otam bozorga sotib kelardi. Shu bilan ro‘zg‘orimiz obod edi. Turmushga chiqqanimdan keyin ham gilam to‘qishni kanda qilmadim. 10 qiz va bir o‘g‘ilni tarbiyalab, uyli-joyli qilishda turmush o‘rtog‘imga yelkadosh bo‘ldim. 1996 yilda “Durjamol” gilamchilik korxonasini tashkil qilib, shogirdlar tayyorlay boshladim.
Bugungi kunda 70 yoshni qarshilagan Qunduz aya nevara-chevaralari qurshovida keksalik gashtini surmoqda. Uning ishini qizi Sevara Ziyotova davom ettiryapti.
- Onam asos solgan, qo‘lda gilam to‘qish bilan shug‘ullanuvchi korxonamizga 2001 yildan beri rahbarlik qilaman, - deydi S.Ziyotova. – Bu yerda Jom qishlog‘ida yashovchi 12 nafar xotin-qiz ish bilan band. Shuningdek, "Usta-shogird" maktabini ham yo‘lga qo‘yganmiz. Turli festivallarda qatnashganmiz. Biz tayyorlagan mahsulotlarga xorijliklar ko‘proq qiziqadi.
Saodat Rasulova Jom qishlog‘idagi Omondara mahallasida rais o‘rinbosari vazifasida ishlash bilan birga, gilam to‘qib, qishloq xotin-qizlariga o‘rnak bo‘lyapti.
- Ustozimizdan o‘rganganlarimizni shogirdlarimizga o‘rgatyapmiz, - deydi S.Rasulova. - Qunduz xola bizga gilam to‘qish sirlari bilan birga laparlar, o‘lanlar aytishni ham o‘rgatgan. Qo‘lda gilam to‘qishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor-da, o‘rmakda o‘tiraverib, oyoqlar uvishadi, bel toliqadi. Shunday paytlarda ashulalar hirgoyi qilib, raqsga tushib, hordiq chiqaramiz.
O‘rmak jotar uyurilib,
Sen jurasan kerilib,
Qaynonang qaramaydi,
O‘rmagiga qayrilib.
Qunduz ayaning nevaralari orasida ham gilamchilik hunari bilan shug‘ullanadiganlari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ulardan biri Bibihamida Xo‘jaqulova oliy ma’lumotli bo‘lib, buvisining ishini davom ettirishni niyat qilgan. U hozirda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti dizaynerlik yo‘nalishida ta’lim olyapti.
- Oilaviy muhit sabab esimni taniganimdanoq gilamchilikka qiziqqanman, - deydi u. – Bu qiziqish meni turli ko‘rik-tanlovlarda qatnashishga undadi, qolaversa, oliy o‘quv yurtiga yetakladi. 2015 yilda yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan hunarmandchilik festivalining respublika bosqichida gilamchilik yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganman. Orzularim katta. Momolarim boshlab bergan qo‘lda gilam to‘qish an’analari asosida ko‘zni quvontiruvchi bejirim, sifatli mahsulotlar tayyorlash va dunyo bozorida o‘z o‘rnimizni topishni niyat qilganman.
Jom qishlog‘ida gilamchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Qo‘lda gilam to‘qish klasteri” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil qilindi. Endi qo‘shni mahallalardan, tumanning turli hududlaridan gilam to‘qishga qiziquvchi xotin-qizlarni izlab topib, "Usta-shogird" maktabi a’zolari safi kengaytiriladi. Klaster korxonasida 60 nafar xotin-qiz o‘qitilib, ularning bandligi ta’minlanadi. Qo‘l mehnati asosida qo‘y va tuya junlaridan turli xildagi gilamlar, joynamoz, devor bezaklari, belbog‘, paypoq va boshqa qishki kiyimlar to‘qiladi.
Bundan tashqari, ushbu “Qo‘lda gilam to‘qish klasteri” korxonasi sayyohlar uchun yo‘l xaritasiga ham kiritilgan.
Tumanda aholi tarqoq joylashgani inobatga olinib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda "Arabota", "Olg‘a", "Qilichli", "Nurbuloq", "Sariko‘l", "Ulus", "Jom" mahallalarida kasb-hunarga o‘qitish markazlari tashkil etildi.
O‘quv markazlariga “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar” jamg‘armalaridan mablag‘lar ajratilgan. Ushbu o‘quv markazlarida bugungi kunda 220 nafar xotin-qiz hunar o‘rganyapti.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (foto).