Jomning jamoli: Kecha va bugun

Ilk tanishuv

Bu gapga o‘ttiz yildan oshdi. Qashqadaryodan kelib, Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida o‘qiyotgan kursdoshim Ergashning uylanish to‘yiga, Qamashiga boradigan bo‘ldik. Hamqishlog‘imizning “Jiguli”sida Abdunazar akam, qo‘shnimiz Tursunpo‘lat domla va men yo‘lga chiqdik.

Urgut tizma tog‘lariga tutash qir-adirlar yoqalab, kun og‘ar tomonga ancha yurdik. Yakkam-dukkam uylar ko‘rinib turgan qishloqning o‘rtasidan kesib o‘tayotganimizda yo‘lning chap tomonidagi qirlar ustidagi uzoqdan ko‘rinib turgan juda katta qabristonga ko‘zim tushdi. Hayratim va taajjubim oshib, safardoshlarimga murojaat qildim:

- Biz qayerga keldik?

- Bu yerlarni Jom deyishadi. Juda qadimiy qishloq, tushuntira boshladi, maktabda fizika o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydigan akam. Aholisi ko‘p, tarixiyam uzoq. Mana shu tog‘-qirlarning yon bag‘irlarida qadim zamonlarda ayovsiz urushlar bo‘lib o‘tgan. Anjirlilik kursdosh do‘stim bilan Jomga ham kelganmiz. Bahoriga gap yo‘q. Qo‘y-qo‘zilar suruvini sanab, adog‘iga yetolmaysan. Yozda esa hamma joyi ship-shiydam...

Mashinadagi uch og‘ayniga mavzu topib berdim shekilli, Jom qishlog‘i haqida bilganlari, tanish-bilishlari haqida yo‘l-yo‘lakay tortishib, gaplashib ketishdi. Qir yon bag‘irlab cho‘zilib ketgan bu qishloq, uning xalqi tarixi, tirikchiligi, kasb-koriga qiziqish menda shu paytlarda paydo bo‘lgan bo‘lsa, ajabmas. Urgutlik emasmanmi, bu elning tog‘u tosh ustida, unda-bunda yashash tarzlarini tasavvurimga sig‘dirolmasdim.

Keyinroq, o‘qishni bitirib, viloyat televideniyesida ishlagan davrimda Jom tarixi, uning dalli-g‘ulli odamlari hayoti, tashvishu quvonchi, kasb-koridan bir nechta ko‘rsatuvlar tayyorladim. O‘zlashtirilgan yerlarga suv chiqarilishi, qishloqdagi bir maktabni termet balosi bosib, taxta-yog‘ochlarini yeb bitirgani va zudlik bilan yangi maktab qurish zarurati borligi haqidagi tahliliy lavha, xullas, qishloqning Navro‘z bayrami tantanalari hamon esimda...

Jom - tarixiy maskan

Jom - Samarqandning qadimgi darvozalaridan biri. Qashqadaryoning Chiroqchi tumani va Ulus cho‘llariga tutashib ketgan qishloq nafaqat viloyat, balki respublikamizning eng “keksa”, shu bilan birga, aholisi 30 mingdan oshgan yirik  aholi maskanlaridan biridir. Jom qishloq fuqarolar yig‘ini tarkibida Jom, Girdiqo‘rg‘on, Tegirmonboshi, Omondara kabi katta mahallalar bor. Hududi ham shunga monand – juda tarqoq.

Jomning qadimgi nomi arxiv materiallarida keltirilishicha, YaM bo‘lib, pochta, aloqa bo‘limi degan ma’noni berar ekan. O‘zga muzofotdan kelib ketayotgan choparlar shu yerda charchagan otlarini boshqa ot bilan almashtirib, yo‘lini davom ettirganlar. Turli talqinlarga ko‘ra, YaM, JAM ga aylanib, oxirgi JOM ko‘rinishini olgan , degan taxminlar bor.

Jomda, ayni bahor pallasi qizg‘in ish boshlangan kunlarning birida shu qishloq  farzandi, sira tinib-tinchimaydigan, eng muhimi, eli va qishlog‘ini juda sevadigan kishi - ushbu qishloqda yuz berayotgan bunyodkorlik, obodlik va qaynoq hayotning markazida yuradigan bir inson bilan “Obod qishloq” shtabi binosida  tanishib qoldim. Suhbat asnosida anglashimcha, bu odam qishloqdagi mavjud muammolarga yechim topishga usta oqsoqol, davlat idoralariga kiraverib, qonun-qoidalar yod bo‘lib ketgan haqiqatgo‘y, Nurobod tumanida hamma  biladigan kishi ekan.

- Men, Eshturdi Rahimov - pensionerman. Jom qishlog‘ida 1945 yilda tug‘ilganman. Yoshim 72 da. Umrim shu qishloqda xalq bilan o‘tdi.  Samarqand qishloq xo‘jalik institutining agronomiya fakultetini bitirganman. 43 yil xalq xo‘jaligining turli sohalarida ishladim. Shu yerda tug‘ilganimdan faxrlanaman. - U kishining ko‘zidan iftixor shu’lalari taraldi. - Avvaliga gapni tarixdan boshlasam. Bu qishloq haqida topgan ma’lumotlarimiz 20 ming yildan ortiq muddatni o‘z ichiga oladi. Dastlabki tosh qurollar, qirg‘ich va boshqa ro‘zg‘or anjomlari shu yerdan topilgan. Hozir mingdan ortiq ekspozitsiya hamqishlog‘imiz Abdumannon Yorqulovning uyida saqlanmoqda. U Samarqand arxitektura va qurilish instituti o‘qituvchisi. Muzey yo‘qligidan shunga majbur edik, orzuimiz ushaldi. Uyam quriladigan bo‘ldi.

Tarixi yo‘q xalqning kelajagi yo‘q, degan dono gap bor. Shu tufaylimi, tarixga o‘zim ham juda qiziqaman. Endi, qarang, tog‘larimiz, Beshbarmoq  qishlog‘i atrofidagi qoyalarda 51 ta joyda qadimiy ajdodlarimiz tomonidan chizilgan tog‘ echkisi, yo‘lbars, ot va boshqa hayvonlarning rasmi chizilgan toshlar mavjud. Ba’zi narsalar hatto yo‘qotilyapti. Yoshlarimiz bunday tarixni yaxshi tushunmasligi oqibatida toshlar sindirilyapti ham. Bular qayta tiklab bo‘lmas manbalardir.

Iskandar ko‘hna Samarqandni zabt etishdan oldin, tarixchi olimlarimizning aytishlaricha, strategik ob’yektlar va hujum qilish rejalariga aniqliq kiritguncha bir hafta Jomda to‘xtagan ekan. Ha, ha, Iskandarni ko‘rgan bu qishloq. Yunonlar o‘z davrida o‘zining nomlariga tanga ham zarb qildiradi. Shu tangalardan bir nechtasi shu yerdan topilgan. Hozir ular viloyat muzeyida saqlanayapti, - deya iftixor bilan so‘zida davom etdi Eshturdi aka. - Bu qishloq qadimdan Toshkent-Samarqand-Jom-Kobul-Qandahor hamda Buxoro-Tim-Jom-Shahrisabz qadimiy ipak yo‘lining qoq markazida joylashgan.

Saljuqiylardan keyin qoraxoniylar hukmronlik qilgan ikki yuz yillik davrda ham ular bu yerlarga katta e’tibor qaratgan. Ular tog‘ning yuqori qismida balandligi 9, eni 25 metr bo‘lgan G‘ishtband deyilgan suv to‘g‘onini qurishib, 300 ming kub suv saqlanadigan inshoot barpo etishgan. 

Jomning o‘z qal’asi ham bo‘lgan. Uni biz qo‘rg‘on deymiz. Uning yon-atrofi suv bilan o‘ralib, uch yuz gektar yer o‘zlashtirilgan. Dehqonchilik qilingan. Bu yerda shu davrning kattagina nazorat, sanitariya punkti ham bo‘lganki, Toshkentdan chiqqan savdogarlar ham, Kobul yoki Buxorodan Samarqandga yo‘l olgan tijoratchilar ham shu maskanda to‘xtatilib, hammom qildirilgan va uch kun davomida Cho‘tmon degan joyimizda turli tekshiruv hamda tibbiy muolajalardan o‘tkazilgan. Agar uch kun ichida ulardan kasallik topilmasa, yo‘lni davom ettirishga ruxsat berilgan.

- Bugun butun jahonda amalda bo‘lgan karantin va sanitariya nazorat postlari bizda ancha avvalroq shakllangani, xalq salomatligi muhofazasi, hatto chorvaning kasallanishiga ham jiddiy e’tibor berilgani ajdodlarimizning naqadar dono va uzoqni ko‘ra bilganlaridan darakdir.

- Ha, Jomda aynan shu masalalarga mas’ul bo‘lgan kishilar turgan, nazoratga doir binolar barpo qilingan. Muolajalar o‘tkazilgan.

Endi, Amir Temur hazratlari hukmronligi bilan bog‘liq tarixni olaylik. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida qayd etilishicha, Sohibqiron 1363 yilda Ilyosxo‘ja bilan Jomda juda katta jang olib borgan. Ilyosxo‘janing qaynog‘asi Ahmad Husaynni shu yerda bo‘lgan jangda yengib, mana shu qirlar osha Urgut tog‘ tizmalari orqali Sirdaryogacha quvib borgan. Sohibqiron  qaytib kelgach, o‘z lashkariga Jomda bir hafta davomida g‘alaba ziyofati bergan ekan. Keyinchalik 1409 yilda ham Shohruh Mirzo o‘g‘li Ulug‘bekni taxtga chiqarishga qattiq qarshilik ko‘rsatgan Shayx Nuriddinni yana shu yerga-otasi jang qilgan maydonga chorlaydi va uni yengib, 15 yoshli temuriyzodani taxtga o‘tqazadi...

Eshturdi akaning ba’zi-ba’zida “xo‘sh, xo‘sh” deb, o‘z qishlog‘i haqida maroq bilan gapirayotgani uchun so‘zini-da, bo‘lgim kelmadi. Biz ba’zan “oddiy bir dashtlik odam-da”, deb qo‘yadigan insonning yashab turgan go‘shasi haqida shuncha ma’lumotga egaligi, yana tarixiy sanalarni yod va aniq aytib berayotgani, ajdodlari tarixidan g‘urur tuyayotganidan men ham zavqlana boshladim. Xayolimdan Jomning bugungi yoshlari ham shu tarixdan bir misqol bilarmikan, bahorda yashnab, yozda cho‘llab ketadigan shu qir-adirlarni shu insonchalik seva olarmikan, degan xayol kechdi. “Endi, qarang!” deb, mening diqqatimni tortgancha oqsoqol gapini yana uzoq zamonlar-qa’ri qorong‘i va ayanchli voqealarga to‘la tarixdan boshladi:

- Yonimizda Qirg‘intepa degan joy bor. Bu yerning o‘tmishi ham ur-yiqit, ayovsiz janglar bilan to‘la. Tabriziylar tarixida bu joy Muxtortepa deb yozilgan. Uning atrofi jang olib borish uchun juda qulay bo‘lganligi uchun  doimo olov ichida qolgan. Qo‘rg‘onni o‘rab turgan handaklardan urushlar davomida qon daryodek oqardi, deb yozilgan o‘sha manbalarda. Xo‘sh, sabab nimada?

Eshturdi aka, menga savol nazari bilan qarab turdi-da, o‘z savoliga o‘zi javob berdi: - Buni siz ham yaxshi bilasiz, tarixni o‘qigansiz-ku! Azaldan ma’lumki, biror qo‘rg‘onni egallash, dushmanni zabt etish uchun birinchi navbatda suv yo‘li to‘silgan, ikkinchi usuli, quyoshga teskari tomonga yurish foyda bergan, ayniqsa, tepaliklarni zabt etishda quyoshga  yuzma-yuz borish ko‘zni qamashtirgani uchun g‘alaba qozonish imkoniyati cheklangan bo‘ladi. Uchinchisi esa tepalik va qiyaliklarni egallab olib, jang qilish. Bunda pastdan balandlikka intilayotgan lashkarning xatti-harakatini kuzatish, yengish oson bo‘ladi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, muhoraba uchun aksariyat holda Jom qishlog‘i atrofi tanlangan. Endi, yana beriroq kelaylik... Xo‘sh..

Tarixni qarangki, 1869 yilda Samarqand general-gubernatori Abramov ham Shahrisabz xonligini bosib olish uchun Jom orqali o‘tishni ma’qul ko‘radi. Biroq bu yerga yetib kelgan qo‘shindagi askarlarga qandaydir kasallik yuqib, ko‘pchiligi to‘satdan vafot eta boshlaydi va harbiylar orqaga qaytishga majbur bo‘ladi.

1882 yilda Sankt-Peterburgda chiqqan “Ekspeditsiya Russkoye posolstvo na Afganistan i Buxarskoye xanstvo” nomli  tarixiy bir kitob bor. Unda yozilishicha, Rossiya elchilari Afg‘oniston podsholigi va Buxoro xonligi bilan aloqa bog‘lash uchun kelishlari qayd etilgan. Shu kitobning... o‘zim o‘qib chiqqanman, hmm, 26-betidan 31-betigacha Jom haqida so‘z yuritiladi. Unda yozilishicha, yuklarini otlarga ortgan ruslar Samarqanddan chiqib, Sazag‘ongacha kelishadi. Ikkinchi kuni Jomga yetib kelgan yo‘lovchilarni o‘rik daraxti soyasi tushib turgan hovuz yonida polkovnik Plotnikov rus pirogi va arog‘i bilan kutib oladi. Ziyofatda ko‘p ichishgan mehmonlar dong qotib uxlab qolishadi. Ular o‘zlariga kelgach, atrofni kuzatishadi va Jom qal’asining xarobalariga ko‘zi tushadi. Kitobda shunday deyilgan. Shu kuni bu bosqinchilarga qishloq oqsoqoli tomonidan... qarang, mehmondo‘stmiz-da, yana qo‘y suyilib, choy beriladi...

Suhbatimiz qizigandan qizib borar, tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i tarixi haqida shuncha gapni biladigan, fikrini isbotlash uchun faktlar va sanalar, manbalarni keltirib, yuragi yonib gapirayotgan odamning gapini bo‘lish odobdan emasdi. Nutqida goh iftixor, goh gina ohangi ustuvorlik qilayotgan keksa insonning o‘tmish voqealari bayonida bugungi kunlarning qadriga yetishning, yurtsevarlik va vatanparvarlikning yorqin alangasi  mujassam edi.

Yangi hayot-yangicha turmush

- Tarix ostonasi sanalgan Jom qishlog‘i o‘tmishi haqida soatlab gapirish, tortishish mumkin. Biroq bu yerlarning jannatmakon joyga aylanib borayotgani bor gap. Tabiati go‘zal. Qirlar, so‘qmoqlar, qoyatoshlar - bari turizm ob’yekti. Bir vaqtlar viloyatdagi sayyohlik bo‘yicha mutasaddi odam menga “Samarqandga kelgan turistlarni qoyadagi suratlarni ko‘rsatish uchun 250 kilometr masofadagi Xatirchiga olib borib ko‘rsatib kelaman”, degan edi. Mana 70 kilometrda bularning hammasi bor. Qani, turistlar? Biz ularni kutyapmiz. 2002 yilda YuNESKOdan Murtoza Toziy degan vakil keldi. Ot turizmiga qiziqdi. Unga ot topib berib, birga yurdim. Diqqatga sazovor joylarni ko‘rsatdim. Afsuski, haligacha uning taklifi amalga oshmadi.

- Mana, yillar o‘tib, bu daromadbop istiqbolli sohaga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev keng yo‘l ochib berdi.

- Ha, Yurtboshimiz Jomning sayyohlik imkoniyatini ham juda yaxshi biladi. Qani endi rahbarlarimiz, tadbirkorlar shuni ham inobatga olsa. Ekologik va ot turizmini tashkil qilish uchun juda qulay joylar ko‘p bizda.

Bugungi Jom hayotning eng qaynoq nuqtasiga aylandi. Viloyatning chekka qishlog‘idan biri bo‘lsa-da, diqqat tortar joy. Maydoni 210 kvadrat kilometr. Eng so‘nggi va yangi texnika shu yerda ishlayapti. Minglab odamlar shu qishloq ahli dardu quvonchi, o‘y-fikri bilan birga. Bu - qadim qishloqqa butunlay yangicha hayot, yangicha yashash tarzi kirib kelyapti, degani.

Eshturdi aka bilan tashqariga chiqdik. Quyoshi charaqlab turgan bepoyon va tiniq osmonning har yerida oppoq bulutlar kezib yuribdi. Jom qishlog‘ining pastu baland hududi, u yerdagi uylar xuddi kaftda turgandek ko‘rinib turadi. Ajoyib va betakror manzara.

- Bizda ko‘klamning umri qisqa bo‘ladi. Ko‘ryapsizmi, dov-daraxtlar ham sanoqli. Odamlarning hovlisida ham deyarli ekin ekilmaydi. Yerlar toshloq. Suv tanqis, - dedi atrofga uzoqroq tikilib qolganimni ko‘rgan Eshturdi aka. - Shuning uchun bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilib, tub aholi tomorqasidan samarali foydalanish maqsadida homiy tashkilotlar tomonidan 257 ta issiqxona qurib berildi. Aholi xonadonlariga 480 dona limon, 1000 dona olma, 9500 dona pomidor, bulg‘or qalampiri, oshqovoq, tarvuz va boshqa ko‘chat nihollari tarqatildi.

Yo‘ldan o‘tayotib, quyoshning issig‘idan chatnab turgan toshlar taftini seza boshlaysiz.

Biz bugun ko‘rib, bilib turgan haqiqat - 2018 yilning o‘tgan yillardan farqi  shundaki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, 2018 yil respublikamizda katta o‘zgarishlar, bunyodkorliklar, eng muhimi, mehnat zavqi, odamlar quvonchiga, shukronaliklarga to‘la yil bo‘ladi.

Shunday bo‘ldi ham. Mamlakatimizda yil boshidanoq ulkan niyat va maqsadlarga xos amaliy ishlar boshlanib ketdiki, jo‘shqin va xayrli sa’y-harakatlar boshida Yurtboshimizning o‘zi turibdi. Bundan ruhlangan xalqimiz ham yashash, ishlash joylarida Vatan obodligi, uning ravnaqi uchun qo‘li qo‘liga tegmay mehnat qilyapti, farovon turmush sari intilmoqda.

Shijoat kutgaydir  bizdan istiqbol,

Misli yo‘q shaharlar, hatto qishloq ham.

Mardona mehnatning samari bo‘lar,

Yasharib, yashnagan qadim qishloq - Jom!

Fevral oyining dastlabki kunlaridan samarqandliklarning himmatga to‘la nigohi biz sizga tarixini hikoya qilib berayotgan, qadimiy qishloq-Jomga qaratildi. Dastlab obro‘li nuroniylar, qishloqning ko‘pni ko‘rgan oqsoqollari va fuqarolari, viloyat tashkilot va korxonalarining tajribali rahbarlari, shijoatli yoshlari ishtirokida katta maslahat yig‘ini o‘tkazilib, bu yerda yashovchi aholi turmush tarziga yangicha hayot bag‘ishlash, qurilish va obodonchilik ishlari loyihalarini amalga oshirishga doir aniq chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi.

Shunday qilib, Samarqand-Jom magistral yo‘li ezgu amal va himmat namoyon bo‘layotgan manzil yo‘liga aylandi. “Obod qishloq” respublika dasturiga kiritilgan Jom qishloq fuqarolar yig‘inidagi Girdiqo‘rg‘on va Jom qishloqlarida yuzdan ortiq korxona va tashkilotdan kelgan 2 mingdan ziyod ishchi-xodim, ko‘ngilli yoshlar, qishloq ahli, 150 dan ko‘proq qudratli texnika ish boshlab yubordi. Ularning safi viloya­t­ning turli hududlaridan kelayotgan hasharchilar, qo‘shimcha texnikalar hisobiga kun sayin kengayib bordi.

Bugundan baxtli yashashimiz kerak

-Dasturni amalga oshirishga kirishilgan kundan boshlab mahalla fuqarolar yig‘ini binosidagi shtabda muqim ishlayapmiz. Maqsad bitta - Prezidentimiz har doim ta’kidlayotganlaridek, xalqimiz ertadan emas, bugundan baxtli yashashi kerak. Shu boisdan ishni tashkil etishni Jom qishloq fuqarolar yig‘inidagi 2700 dan ortiq xonadonga kirib, aholini qiziqtirayotgan masalalar, mavjud muammolarni o‘rganishdan boshladik, -deydi «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limining raisi Mahmud Boboyorov. - Samimiy suhbat, muloqotlar davomida aniqlangan masalalarning aksariyati tegishli soha mutasaddilari tomonidan joyida hal etildi. Boshqa masalalarning har biri yuzasidan ham aniq vazifalar, mas’ullar belgilanib, muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Jumladan, oltita mahallaning har biridan 10 kishidan, jami 60 nafar ishsiz fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi.

- Men sizga aytsam, o‘tgan mustamlakachilik tuzumi davrida bu yerlarda pishiq g‘ishtdan qurilgan oddiy kutubxona yoki klub ham bo‘lmagan, - deb yana gap xaltasini ochdi hamrohim Eshturdi aka. – Qishloq taraqqiyotdan uzoqda qolgan, hech kim bu elning dardiga quloq solmagan. Mustaqillikka erishilganidan so‘ng yoshlar ta’lim-tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratildi. Hozir zamonaviy 12 ta maktab ular ixtiyorida. Barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan ta’lim muassasalarida xalqning 3900 nafar farzandi tahsil olyapti.

Har tomondan ishchilar va texnikalar ovozi eshitilib turibdi. Obodonchilik ishlari ham birvarakayiga olib borilmoqda edi.

- 2002 yilda viloyatga Shavkat Mirziyoyev hokim bo‘lib keldi, - deb gapini davom ettirdi Eshturdi aka. - U kishi tumanimizda o‘tkazgan birinchi yig‘ilish xuddi bugungidek haligacha esimda, jonkuyarlik bilan tuman va qishloqlardagi muammolarni ochiq aytishimizni so‘radi. Hamma jim, yurak yutib gapirolmaydi.

- Nurobodda hamma muammolar hal bo‘lganmi, - dedi u kishi birdan. -Nega dardingizni yashirasizlar? Ularni kim sizga hal qilib beradi?

Menga mana shu “Nega dardingizni yashirasizlar?!”, degan gapi qattiq ta’sir qildi. Shu paytlari Jom qishloq fuqarolar yig‘ini raisi bo‘lganim uchun nima muammo bo‘lsa, baridan xabarim bor, rahbarlar bilan ularni hal etolmay, surishib yurar edim; o‘n yettinchi qatorda o‘tirgan o‘rnimdan turib ketdim. (Xotirani qarang!).

Jom ahli ko‘hna tarixga ega bo‘lgan qishloqni yangilab borish, xalq turmush darajasini yaxshilash, mavjud muammolar haqida tinimsiz bong urib, dadil sa’y-harakatlar boshlaganlari uchun ham davlatimiz rahbari ularni qo‘llab-quvvatlab turdi, ruhlantirdi. Biroq qishloqni to‘lasincha obod qilish, zamonaviy turmush tarziga erishish uchun puxta o‘ylangan dastur va mablag‘ zarur edi. Bu yerda yashayotgan aholining shaharliklardan qayeri kam? Nega ular e’tibordan chekkada qolishi kerak? Munosib turmush tarzi uchun betinim kurashib kelayotgan jomliklarning ota maskanlariga bo‘lgan muhabbati, g‘ayrat-shijoati, Yurtboshimizning yodida va doimiy e’tiborida bo‘lgani bois chekka hududda bugungi keng qamrovli, bunyodkorlik  ishlari boshlanib ketdi.

Obodlik ko‘ngildan boshlanar asli,

Vatan! - deb yashaymiz, xalqmiz havasli.

Himmat va hashardan bu yo‘l, binolar,

Ko‘zlarni quvnatar Jomning ko‘rk, vasfi.

“Obod qishloq” dasturining Jomdagi qurilishlari loyihasi mualliflaridan biri, viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i, Oliy Majlis Senati a’zosi Norqul Sodiqov shunday deydi:

- Dasturga ko‘ra, birinchi bos­qichda Jom va Girdiqo‘rg‘on mahallasida yangi qishloq vrachlik punkti, 60 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, 350 o‘rinli amfiteatr, xotira maydoni va qishloq tarixi muzeyi, yuqori Omondara mahallasida ham 100 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 24 ta kam ta’minlangan oilaga imtiyozli uy qurib topshiriladi. Qishloqlardagi barcha xonadonlar xatlovdan o‘tkazilib, uy egalariga kadastr hujjatlari berildi.  Ularga uy-­joylarini zamon talab­lari darajasida ta’mirlash uchun loyihalar taqdim etildi. Bu ishga imkoniyati yetmaydigan oilalarga viloyat hokimligi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, bir qator boshqarma va idoralar, tadbirkorlar homiylik yordami ko‘rsatdi. 200 dan ortiq oilaga gaz plitasi va boshqa uy-ro‘zg‘or buyum­lari sovg‘a qilindi. Ehtiyojmand o‘ndan ortiq oila uchun yana zamonaviy uy-joy qurib beriladi.

Shuningdek, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida ikkita artezian qudug‘i qazilib, suv minoralari o‘rnatildi. Mavjud suv tarmoqlari ta’mirlanib, 500 metr masofaga yangi quvur o‘tkazildi.

- Endi, qarang... Yana bir kutilmagan holat. Yo‘l bersa, eliga bersa, bo‘laverar ekan-da, - deb gapning jilovini burdi Eshturdi aka. - Jomning “Obod qishloq” davlat dasturiga kiritilishi biz jomliklar uchun alohida e’tibor, Tangrining inoyati bo‘ldi. 2018 yilning 20 fevral kuni bu yangilikni eshitib, hamqishloqlarimizga aytdim. Avvaliga ko‘pchilik ishonmadi. Ba’zi boboylar “Qo‘y, bu gapingni, davlatga bir so‘m bermagan joyga davlat shuncha pul sarflaydimi?!”, deyishdi. “ Shuncha obodlik bo‘ldi, davlat yana senga nima qilib bersin!”.

Haqiqatan ham qishlog‘imiz juda chekkada. Elektr, gaz ta’minoti yaxshi bo‘lmagani uchun qishloq rivojlanishdan orqada qolgan. Bu yerda birorta ishlab chiqarish korxonasi qurilmagan. Qishloq aholisining 18 foizi davlat idoralarida ishlaydi, qolganlar mavsumiy yumushlar bilan band. Yoshi kattalar uyda. Endigi maqsadimiz - ish o‘rinlarini yaratish bo‘ladi. Rejalarimiz katta. Davlatimiz, viloyatimiz rahbarlariga rahmat! Har ishimizga ular rahnamo.

Agar suv omborining ikkinchi bosqichi ham qurilsa, unda 2 million kub suv jamlanadi. Shundan keyingina bu yerda tomchilatib sug‘oriladigan bog‘larni barpo etish masalasi kun tartibiga chiqadi. Atrof bog‘larga burkanishiga oz qoldi, deb o‘ylayman va bunga ishonaman.

Bu yerlarni obod qilishning yana bir varianti bor. Shu qishloqdan Sho‘rtan-Sirdaryo gaz quvuri o‘tib ketgan. Undan foydalanishimiz kerak. Agar shundan bir nuqta olinsa, ishlab chiqarish, ko‘plab ish o‘rni yaratilishiga ham imkoniyat tug‘iladi. Jomdan Tepaqulgacha bo‘lgan tog‘li hududlarda sement ishlab chiqarish, pishiq g‘isht tayyorlash uchun bitmas-tuganmas manba yotibdi. Bu yuqori quvvatli zavodlar degani emasmi?! Yo‘llarimizni sozlash, asfalt qilish kerak.  Bu masalani ham jiddiy o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Nasib bo‘lsa, 3-4 yil ichida Jom ham kichik bir shaharchaga aylanadi.

Bugunning qahramonlari kimlar?

- Hamma davrning o‘z qahramoni bo‘ladi. Bugungi kunda shu Vatanda yashayotgan, kindik qoni tomgan maskanni hurmat qilgan, ajdodlari ruhini shod qilaman, yurt ravnaqiga o‘z hissamni qo‘shaman degan odam, Yurtboshimizning har bir chaqirig‘iga “labbay”, deb javob berishi kerak. Prezidentimiz bong uryapti. Bong uryaptimi, xalqimiz har bir sohada jasorat ko‘rsatishga tayyor bo‘lishi, bir joyga g‘isht qo‘yib, bir joyga ko‘chat ekishi, jamiyatga foydasi tegishi lozim.

Mening fikrimcha, mamlakatimizdagi 33 million kishining hammasi qahramon bo‘lishi kerak. Vatanga bo‘lgan muhabbat, mehr, totgan tuzi, o‘g‘il-qizi uchun qari-yu yosh tinib turmasligi kerak. Nuroniylarning tajribasi ham katta maktab. Ular o‘z so‘zi va maslahati bilan nabiralarini, o‘zi yashayotgan guzar, mahalla yoshlarining ko‘ngliga qo‘l solib, obodonchilik, bunyodkorlik ishlariga bosh qo‘shishga o‘rgatsin. Bolalarimiz ham ota-bobolardan qolgan gulday Vataniga xizmat qilishni uddalashsin.

Vatanimizning chekka qishlog‘i taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shamiz, degan niyat bilan yoshlar ittifoqi viloyat kengashi da’vati bilan yetakchilar va mehnatga xayrixohlar jipslashdi. Bu ommaviy harakatda ayniqsa, jomlik yoshlar faolroq va peshqadam bo‘lishlariga erishildi. Tumandagi uyushmagan yoshlarni ham jalb etish choralari ko‘rildi. Yoshlar ittifoqining ramzi tushirilgan maxsus kiyim-kechaklar bilan ta’minlab, ularni ruhlantirishga harakat qildik. Ular ham murojaatimizga hech ikkilanmay “labbay”, deb javob berishdi. O‘z mehnat qurollari bilan safimizga yuzga yaqin yoshlar kelib qo‘shildi. Shu yerda yashab ulg‘aygan, kindik qoni tomgan yoshlar o‘z qishlog‘i obodligiga qanday beparvo qarab turishi mumkin? Kundan-kunga o‘zgarib borayotgan qishlog‘i qiyofasini ko‘rgan bu yoshlar yonimizda turib, hududdagi ariq, ko‘cha va hovlilarni tozalash, ko‘chat ekish ishlariga yordam berishdi.

Bugun Jom qishlog‘ida yurtdoshlarimiz ishtirokida yangi va farovon hayot, o‘ziga xos shaharchaga asos solinyapti.

Ezgu niyatlar, yurak da’vatlari bilan qadimiy qishloqlarining yasharib, yashnashini, kelajak egalariga obod Vatan qoldirishni istagan bu otaxonlar davrimiz qahramonlari emasmi?

Gurillab ishlayotgan texnikalar, azmi qat’iy hasharchilar tiklayotgan yo‘llar va inshootlar, xonadonlarda o‘zgacha ko‘rk ko‘zga tashlanib qoldi. Minglab manzarali daraxtlar, tartibga keltirilgan uylar, maktab va shifoxona, quyosh o‘ynayotgan tomlar, yer qa’ridan otilib chiqayotgan suv tomchilarida inson mehnati, uning orzu-umidlari ro‘yobi aks eta boshladi.

Samarqand viloyatidagi Jom qishlog‘ida Nurobod tumani aholisining 15 foizi istiqomat qiladi. Agar aholi va ijtimoiy soha ob’yektlari ta’miriga doir statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratsak, bunga yana bir bor amin bo‘lamiz. 663 ta uy-joyning besh yuzdan ziyodi ta’mirdan chiqarildi, atrofi to‘siq devor bilan o‘raldi. Namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan 75 ta uy-joyning 25 tasi Respublika Kasaba uyushmalari kengashi tomonidan moliyalashtirilib, kam ta’minlangan va sharoiti og‘ir bo‘lgan oilalarga bepul ajratildi. Mazkur ob’yektlarda qurilish ishlari 80-85 foizga bajarildi.

10 ta maktab ta’mirdan chiqarildi, yangi mebellar bilan jihozlandi, 1 ta qishloq oilaviy poliklinikasi va 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasi yangi qurildi.

Dehqon bozori, masjid, hammom, 3 ta avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 4 ta oziq-ovqat do‘koni hamda 2 ta avtobekat barpo etildi. Ish bir maromda borayotgan edi. Biroq...

                  Tabiat keltirgan talafot

 Suv tanqisligi, qurg‘oqchilik deymizu, xudo bersa, birdan oshig‘i-toshig‘i bilan ham berar ekan. Shu yilning 16-17 may kunlari qishloq osmonida paydo bo‘lgan qora bulutlar tog‘u toshlar osha pastlikka yopirilgan sel oqimi po‘rtana bo‘lib, bu yerda amalga oshirilgan ishlarga anchagina putur yetkazdi. Odamlar ko‘ngliga hadik tushdi. “Shuncha mehnat zoye ketmasmikan?”, degan g‘ulu soldi qalblarga...

Ko‘rilgan aniq chora-tadbirlar asosida ishchi kuchi, texnikalar safarbar etilib,  sel keltirgan talafot asta-sekin bartaraf etildi.

Hamjihatlik, uyushqoqlik natijasida sel oqibatida tabiiy ofatdan talafot ko‘rgan 71 ta oila holidan xabar olinib, ularga 30 tonnaga yaqin oziq-ovqat mahsuloti, 2000 donaga yaqin kiyim-kechak, 500 ga yaqin ko‘rpa-to‘shak, yostiq, choyshablar, dori-darmon, uy-ro‘zg‘or buyumlari, kir yuvish vositalari yetkazib berildi. Jiddiy zarar ko‘rgan hamda tiklash imkoniyati bo‘lmagan xonadonlar buzilib, qurilish materiallari ajratib olindi. Yaroqsiz holga kelib qolgan 3 ta ko‘prik rekonstruksiya qilindi.

Sel oqimida joylashgan 4 ta uy-joy buzilib, uning egalariga xavfsiz hududdan yer uchastkalari ajratildi. Ularga homiylar hisobidan uy-joy qurib berilmoqda. Jomsoy kollektorining 3,1 kilometr o‘zani to‘g‘rilandi va qirg‘oqlari mustahkamlandi. Ko‘ngillar bir oz tinchidi.

 

Azmu shijoat g‘alabasi

Bugun hammaning nigohi Jomda-jomliklarda. Obod bo‘layotgan qishloqdagi yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash maqsadida uzunligi 16 metr bo‘lgan yangi ko‘prik foydalanishga topshirildi. Tabiat injiqligi, kutilmagan tabiiy ofat jomliklar va bu yerda ishlayotgan kishilar uchun yana bir sinov bo‘ldi. Bajarilajak ishlar, bunyodkorlik rejalarini yanada puxtaroq o‘ylash, yetti o‘lchab, bir kesish va amalga oshirish vazifasini qo‘ydi.

Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, bosh masala-inson manfaati, uning yaxshi yashashi va davlatdan rizoligi.

Oradan oylar o‘tib, yoz boshlandi. Jazirama kunlar. Ungacha ham bu yerga bir necha borib keldim. Har kelganimda tepaliklarda kezib yurgan garmsel, himmati baland hasharchilar, quruvchilar qalbidagi haroratni, odamlar ko‘zidagi ertangi  kunga bo‘lgan umidni his etaman.

Kundan-kunga quyosh battarroq qizdiradi. Yashillikning rangi o‘chib, yantoqlar yayrab turgan qirlarga ko‘zingiz tushadi. Ustiga ustak bu yilgi suv tanqisligini aytmaysizmi?

Biroq Jomda jasorat ko‘rsatib ishlayotgan kishilarning ahdi qat’iy - ko‘zlangan maqsadi, belgilagan rejalarini amalga oshirish. Yurtimizning bir chekkasidagi qishloqda hayot uchun qulay shart-sharoit yaratish, odamlar uchun ko‘rkam koshonalar barpo etish.

Bugunga kelib, gurillab ishlayotgan texnikalar, azmi qat’iy mutaxassislar, hasharchilar tiklayotgan yo‘llar va inshootlar, xonadonlardagi fayz, o‘zgacha ko‘rk el ko‘ziga tashlanib qoldi. Endi bajarilgan ishlarga munosabat bildirilib, dastlabki xulosalar chiqarilsa, Jomning bugungi jamoli dostonlarga mavzu bo‘lsa ajabmas.

 

Har bitta inshoot, Obod qishloqda,

Yurtboshi da’vati, xalq himmati jam.

Qir uzra  yangicha hayot jo‘shmoqda,

Yastanib turibdi, qadim maskan - Jom!

 

 

 

Toshpo‘lat O‘RXUN,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir.