Jonga qasd qilish – qo‘rqoqlik
O‘z joniga qasd qilish dinimizda qattiq qoralanadi. Bu masala yuzasidan bir qator oyat va hadislar ham mavjud. Xususan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam "Kim tog‘dan tashlab, o‘zini o‘zi o‘ldirsa, u jahannam otashida abadulabad o‘zini tog‘dan tashlab turadi. Kim zahar ichib, o‘zini o‘ldirgan bo‘lsa, u zaharni qo‘lida tutgan holida jahannam otashida abadulabad zahar ichib turadi. Kim o‘zini o‘zi temir (tig‘) bilan o‘ldirsa, u temirni qo‘lida tutgan holda jahannam otashida abadulabad o‘sha temirni qorniga sanchib turadi", deydilar.
O‘z navbatida jonga qasd qilish holati bugungi jamiyatimizda ham og‘ir oqibatlarga olib keladi. Bu mahallada nosog‘lom kayfiyatni yuzaga keltirsa, oila a’zolarining ruhiyatida tuzalmas asorat qoldiradi.
Bu illat sababini avvalo, oiladagi ma’naviy muhit, tarbiyadan izlash kerak. Ota-ona o‘z madaniyati va dunyoqarashi bilan farzandlarga o‘rnak bo‘lsa, oilaviy suhbatlarda yoshlarga diniy-ma’rifiy tushuncha berib borilsa, bunday ko‘ngilsizliklarning oldi olinardi.
Insonning o‘z joniga qasd qilishi, Allohning qazoi qadariga qarshi chiqishi, qolaversa, umr ne’matiga noshukrlik qilish haqiqiy musulmonga xos bo‘lmagan illat. Umr – bebaho ne’mat. Zero, uning qadriga yetish, hayotni mazmunli o‘tkazish, solih farzandlar tarbiyalash, o‘zidan ezgu ishlar qoldirish farzdir.
Xayrulloh SATTOROV,
viloyat bosh imom-xatibi
o‘rinbosari.