JSST koronavirus infeksiyasi oqibatida vafot etganlar soni 400 ming nafardan oshganini ma’lum qildi

Bu haqda tashkilot taqdim etayotgan kunlik hisobotda ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, 10 iyun holatiga dunyo bo‘ylab jami 411277 nafar odam COVID-19 infeksiyasidan vafot etgan. Shu bilan birga, JSST umumiy kasallanganlar soni dunyo bo‘ylab 7244108 nafarga yetganini ma’lum qildi.

Jons Xopkins universiteti taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, vafot etganlar soni 7 iyun kuni 400 ming nafarga yetgan.

JSST vakilining so‘zlariga ko‘ra, Yevropada pandemiya bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanganligiga qaramasdan, dunyodagi vaziyat yomonlashmoqda. Tashkilot mutaxassislari ayni vaqtda xotirjamlikka berilishi nihoyatda salbiy oqibatlarga olib kelishini ta’kidlashmoqda.