JSST koronavirus pandemiyasi haqida tarqalayotgan yolg‘on xabarlarning xavfi to‘g‘risida ogohlantirdi

COVID-19 pandemiyasi haqidagi yolg‘on xabarlar kasallikning o‘zichalik xavf tug‘diradi. Sababi, odamlar yolg‘on ma’lumotlarga ishonib o‘zboshimchalik bilan davolanishni boshlaydi va o‘zlariga zarar yetkazadi. Bu haqda JSST Bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus ogohlantirdi.

“Koronavirus dunyo bo‘ylab tarqalishi bilan u haqda yolg‘on xabarlar, mish-mishlar, yolg‘on ma’lumot va dezinformatsiyalar avjiga chiqdi. Noto‘g‘ri ma’lumotlar stigmatizatsiyani kuchaytirdi. Bu holat muhtojlarga yordam ko‘rsatilishiga to‘siq bo‘lmoqda”, deb ta’kidladi u.

Bundan tashqari, JSST rahbari koronavirus to‘g‘risida mish-mish va isbotlanmagan ma’lumotlar tarqatmaslikka chaqirdi. Bu holat tibbiyot xodimlariga, alohida shaxslarga yoki aholining zaif guruhlariga, masalan, qochoqlarga nisbatan shafqatsizlik qo‘llanilishiga olib kelganini alohida ta’kidladi. Gebreisus, odamlar o‘zboshimchalik bilan davolanmasligi shart ekanini bildirdi.