JSST: Koronavirus tarqalishi tezligi ikki barobarga oshdi
“May oyidagi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslaganda, koronavirus tarqalishi tezligi ikki barobarga oshdi. Shu bilan birga pandemiyaning yuqori nuqtasi hali oldinda”, deya ta’kidladi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus.
O‘tgan oylarda kasallakning haftalik o‘sish ko‘rsatkichlari kamayayotgani kuzatilgan edi. Biroq ko‘rsatkichlar yana oshib bormoqda. JSST 10 iyul kuni bir kecha-kunduzdagi koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati rekord ko‘rsatkichni qayd etdi – 228 mingdan ortiq koronavirus holati aniqlandi.
Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, Amerika, Afrika va Osiyo mamlakatlarida kasallikning yirik o‘choqlari qayd etilgan. Bahor oylarida koronavirusni jilovlay olgan Yevropa davlatlarida ham ommaviy kasallanish holatlari aniqlanmoqda.
Amerikalik shifokor, AQShning koronavirusga qarshi kurashish guruhining bosh mutaxassisi, doktor Entoni Fauchi 9 iyul kuni global pandemiya endigina boshlanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yaqin kelajakda yanada salbiy tomonga o‘zgaradi. Sababi, Braziliya, JAR va Osiyoda infeksiyaning faol tarqalishi endi boshlandi.