JSST koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet shakllanishiga shubha bildirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar dasturi direktori Maykl Rayan insoniyat tez orada koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet shakllantira olishiga shubha bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda tashkilot koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet shakllanishi uchun Yer yuzining qancha aholisi COVID-19 bilan kasallanishi kerakligini bilmaydi. Ko‘pchilik mutaxassislar bu ko‘rsatkich 60-80 foiz ekanligini ta’kidlamoqda, boshqalar esa ushbu ko‘rsatkich kamroq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

JSST vakili jamoaviy immunitet shakllanishidan oldin, koronavirus hali uzoq muddat ommaga ziyon yetkazishini ta’kidladi. Rayanning aniqlik kiritishicha, jamoaviy immunitetni shakllantirish g‘oyasi qaysidir ma’noda kasallikni nazorat qilish maqsadiga zid keladi.

“U holda biz nimaning guvohi bo‘lamiz? Bemorlar bilan to‘lib ketgan kasalxonalar, ko‘plab halok bo‘lgan odamlar”, dedi u.