JSST koronavirusga qarshi vaksina ilinjida “kambag‘allarni oyoq osti qilish” xavfi haqida ogohlantirdi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyesus aholining kambag‘al qatlami koronavirusga qarshi vaksina ololmasligi xavfi haqida ogohlantirdi. Bu haqda Lenta.ru nashri xabar berdi.
JSST rahbarining so‘zlariga ko‘ra, eng qashshoq va zaif odamlarning vaksina ilinjida “oyoq osti qilinishi” xavfi juda yuqori bo‘lib turibdi. Shu sababli barcha davlat ma’muriyatlari vaksinani o‘z fuqarolari orasida adolatli taqsimlab berishlari shart.
16 noyabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bosh ilmiy hodimi Sumya Svaminatan koronavirusga qarshi vaksina yetkazib berilishining kutilayotgan muddatini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot 2021 yilning birinchi yarmidan boshlab cheklangan ta’minot boshlanishiga umid qilmoqda.
“Tashkilotning hozirgi asosiy maqsadi xavf ostida bo‘lgan guruhlar, ayniqsa, sog‘liqni saqlash tashkiloti xodimlari uchun vaksina yetib borishini ta’minlash”, dedi Svaminatan.