JSST koronavirusning kelib chiqishini aniqlash bo‘yicha Xitoy bilan kelishmoqchi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yaqin kelajakda yangi turdagi koronavirusning kelib chiqishini aniqlash uchun xalqaro mutaxassislar guruhi yuborilishi to‘g‘risida Xitoy bilan kelishuvga erishishga umid qilmoqda. Bu haqda Jenevada o‘tkazilgan brifingda tashkilotning sog‘liqni saqlash sohasidagi Favqulodda vaziyatlar dasturi direktori Maykl Rayan ma’lum qildi.

U joriy yilning iyul oyida JSST rahbarlik qiladigan xalqaro missiya uchun asos va reja tayyorlashga tashkilotning ikki nafar mutaxassisi Xitoyga borib kelganini eslatib o‘tdi. “Ayni vaqtda biz xitoylik hamkasblar bilan xalqaro guruh tarkibini aniqlash uchun faol ishlar olib bormoqdamiz. Birinchi bosqichni yakunlash va ikkinchi bosqich bo‘yicha tadqiqotlarni boshlash uchun Xitoyga yo‘l oladigan mazkur guruhni qabul qilib olish to‘g‘risida tez orada bitim tuzamiz degan umiddamiz”, dedi Rayan.

“Surishtiruv ishlarini olib borish turli yo‘nalishlar uchun zarur. Birinchi bosqichda epidemiologik yo‘nalishga e’tibor qaratamiz, nolinchi bemorni qanday aniqlash mumkinligini tushunishga harakat qilamiz. Ilgari ham ta’kidlaganimizdek, nolinchi bemor umuman Uxanda emas, balki boshqa joyda bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Izlanishlarning ikkinchi bosqichida JSST qanday qilib virus xayvondan odamga yuqqani ustida izlanishlar olib borishni rejalashtirmoqda”, deya yakun yasadi Rayan.