JSST koronavirusning og‘ir turini davolashda samara beradigan vositani ma’lum qildi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusning og‘ir turini davolashda samara berishi mumkin bo‘lgan vositani ma’lum qildi. Ya’ni, kortikosteroid deksametazon kasallanganlar orasidagi o‘lim holatini kamaytirish imkonini beradi. Bu haqda TASS xabar berdi.
JSST koronavirusning og‘ir va xavfli turi bilan kasallangan bemorlarni davolashda kortikosteroidni qo‘llashni tavsiya qildi. Shu bilan birga, tashkilot ushbu muolaja koronavirusning yengil turi bilan kasallangan bemorlarni davolashda to‘g‘ri kelmasligini ham ma’lum qildi.
Joriy yilning mart oyidan buyon Buyuk Britaniya shifoxonalarida tadqiqotlar olib borilmoqda. Unda 11.5 ming bemor ishtirok etmoqda. O‘tkazilayotgan tadqiqotlar yordamida mutaxassislar koronavirusni davolashdagi turli metodlarning samaralilik darajasini aniqlaydi. Kortikosteroid deksametazondan tashqari, bemorlarga azitromitsin antibiotigi, immunodepressant totsilizumab va gidroksixlorin vositalari berilmoqda.