JSST uzoq muddatli karantindan so‘ng davlatlar o‘rtasidagi chegaralar ochilishini qo‘lladi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti davlatlar o‘rtasidagi chegaralar ochilishini qo‘lladi va buning uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarga to‘xtalib o‘tdi. Tashkilot bosh direktori Tedros Adanoma Gebreisusning so‘zlariga ko‘ra, davlatlar koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni mamlakat ichida nazorat qilishlari kerak. Bu haqda Lenta.ru nashri xabar berdi.
“JSST iqtisodiyot va jamiyatlar ochilishi yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni to‘laligicha qo‘llaydi. Biz, bolalar maktabga, odamlar ish joylariga qaytayotganini ko‘rishni xohlaymiz. Biroq bu narsalar xavfsiz sharoitda amalga oshirilishini istaymiz. Mamlakatlar qanchalik virusni nazorat qila olsa, shunchalik ochilishlari mumkin. Nazoratsiz ochilish – bu fojia uchun yo‘llanma”, dedi u.
Shuningdek, JSST mutaxassislarining fikriga ko‘ra, har bir davlat odatiy hayotga qaytish uchun amalga oshirish lozim bo‘lgan to‘rt bosqichni sanab o‘tdi. Birinchidan, ko‘p sonli odamlar to‘planadigan joylardagi virus tarqalishining oldini olmoq darkor: stadion, konsert va boshqa ommaviy yig‘ilishlar. Ikkinchidan, kasallikka chalinish xavfi yuqori bo‘lgan aholi qatlamini xavfdan himoya qilish, bu narsa o‘lim holatini kamaytirishga imkon beradi. Uchinchidan, har bir shaxs xavfsizlik choralariga rioya etishi kerak: niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash va qo‘llarni yuvish. To‘rtinchidan, hukumat test tahlillari o‘tkazilishini, kasallanganlarni davolashni va bemor bilan muloqotda bo‘lganlarni alohidalashni davom ettirishi lozim.