Juma – tadbirkorlar kuni: 29 murojaatning 25 tasi uchrashuvgacha hal etildi
Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasida viloyat hokimi E.Turdimov tadbirkorlarni qabul qildi.
Ta’kidlash lozimki, bu galgi uchrashuvda qatnashish uchun hafta boshida tadbirkorlardan yer ajratish, elektr ta’minoti, imtiyozli kredit, bo‘sh turgan binodan foydalanish kabi 29 ta masalada murojaat bo‘lgan. Uchrashuvgacha tegishli mutasaddilar 25 ta masalani hal etgan. Bugungi uchrashuvda muammosi joylarda hal etilmagan 4 nafar tadbirkor viloyat hokimiga murojaat qildi.
Jumladan, Paxtachi tumanidagi «Daler plast» xususiy korxonasi rahbari Javlonbek Ortiqov tumandagi kichik sanoat zonasida faoliyat yuritsa-da elektr ta’minotida uzilishlar bo‘layotgani, oqibatda korxona to‘la quvvatda ishlay olmayotganini bildirdi.
- Ayni ish vaqtida 4-5 soatlab elektr uzilishi faqat bizga emas, kichik sanoat zonasidagi yana 3 ta korxonaning ham to‘liq ishlashiga to‘sqinlik qilmoqda, - deydi J.Ortiqov. – Aslida kichik sanoat zonasi uchun bir yarim kilometrdan 10 kV elektr uzatish havo tarmog‘ini tortish va quvvati 630 kVa bo‘lgan transformator o‘rnatish belgilangandi. Ammo hanuzgacha bu masala hal etilgani yo‘q. Shu bois aholi iste’moli uchun mo‘ljallangan elektr tarmog‘idan foydalanayotgandik. Bugungi qabulda viloyat hokimiga ushbu masala yuzasidan murojaat qilgandim, muammomiz mutaxassislar ishtirokida o‘rganilib, bir kunda hal etiladigan bo‘ldi.
O‘ktam XUDOYBERDIYEV.