Jumboq odam

“Mixail Kuni”.

“Ruhiy tajribalar”.

“Telepatiya va gipnoz seanslari...”.

O‘tgan asrning o‘rtalarida jahonning juda ko‘p shaharlari ana shunday afisha bilan bezangandi. O‘sha yillari jahonda hech kim bunday boy repertuar namoyish eta olmagan.

...Soat roppa-rosa 20:00. Sahnaga qad-qomati kelishgan, qora kostyum-shim, oq ko‘ylak, qizg‘ish galstukli kishi chiqib keldi. U zalga ko‘z yugurtirdi, sirli kulimsirab, hazil-mutoyiba bilan tomoshasini sharhlab, mo‘’jizalar ko‘rsata boshladi. 

Tomosha boshida Kuni qizishib olish uchun ko‘zini qora mato bilan bog‘lab, tomoshabinlardan biror narsani berkitishini so‘radi. So‘ngra qora matoni yechib, sahnadan tushdi, qatorlarni oralab borib, narsa yashirgan tomoshabindan buyumni topib, zalga ko‘rsatdi. Hayrat, hayqiriq, qarsak... 

So‘ngra u yordamchisi tarqatgan varaqqa tomoshabinlar o‘zlari yaxshi ko‘rgan shahar nomini yozib, varaqni cho‘ntaklariga yashirishni so‘radi. Keyin duch kelgan tomoshabin yoniga kelib, uning yuziga tikilib turdi-da shahar nomini e’lon qildi. Hamma Mixailning shahar nomini to‘g‘ri topgani uchun qoyil qoldi. Artist xato qilmagandi. 

Endi, mana bu topqirligiga qarang. Tomoshaning ikkinchi bo‘limida orqa devorga 20 ta turli rangdagi dikoratsiya-disklar tomoshabinlar taklifi bo‘yicha osib qo‘yildi. Artist ichkaridan chiqib kelib, disklarga ko‘z qirini tashladi va zalga o‘girilib, qaysi rangdagi disk qaysi qatorda joylashganini aytib berdi...

Mixail Kuni faoliyati davomida ko‘rsatgan inson aqli bovar qilmas tomoshalarni ko‘plab keltirish mumkin. Masalan, barabandagi chalkash raqamlarni bir qarashda nafaqat to‘g‘ri aytib bergan, balki raqamlar yig‘indisi qancha bo‘lishini xam aytgan. Yoki tomoshabinlarni gipnoz holatiga tushirib, ularga changalzorga tushib qolganini aytgan. Ular esa go‘yo qo‘llarida chopqilar bilan changallarni topib, o‘zlariga yo‘l ochgan. Ular o‘z hollariga keltirilganda, qayerda bo‘lganlarini eslasha olmagan. 

M.Kunining tarjimai holi o‘quvchini qiziqtirishi tabiiy. U 1897 yilda Belarussiyaning Vitebski shahrida tug‘ilgan. Vitebsk badiiy bilim yurtida o‘qigan. Xotirasini mustahkamlash uchun Pushkin, Lermontov, Tyutchevning yuzlab she’rlarini yod olgan. 1972 yilda vafot etgan. 

Mohir sirk artistlari - gipnozchilar, fokuschilar hozirgacha Mixail Kuni iste’dodi sirlarini tagiga yeta olganlari yo‘q.

T.Shomurodov tayyorladi.