Jurnalistlar ijodiy uyushmasi jurnalist va blogerlarni kasb etikasiga rioya etishga chaqirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tegishli davlat organlari reyd o‘tkazgani va unda fohishabozlik bilan shug‘ullangan ayol jurnalist tomonidan so‘roq qilingan video tarqaldi.

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olim O‘sarov ushbu holatga o‘z munosabatini bildirdi.

"Inson manfaatlari, huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblangan demokratik jamiyatning muhim sharti so‘z va axborot erkinligidir. Biroq bu jurnalist yoki bloger ko‘ngliga kelgan ishni qilaveradi, yozaveradi, degani emas.

Ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgan videoni ko‘rib (biz mazkur vaziyatda ayolni, uning qilmishini oqlamoqchi yoxud muhokama qilmoqchi emasmiz) qator savollar tug‘ildi: mikrofon ko‘targan "muxbir" yalang‘och holatdagi ayolni kamera qarshisida so‘roqqa tutishi qaysi mezonga mos keladi? Sud tomonidan hali aybdorligi isbotlanmagan ayolni fohishalikda ayblash jurnalist kasb odobi va qonun talablariga nechog‘li muvofiq? "Muxbir" o‘zganing mulki hisoblangan uyga bostirib kirishga, bunday holatda so‘roqqa tutishga, tasvirga olishga haqlimi? O‘zi savol berayotganidek, uning farzandlari, yaqinlari sha’ni va qadr-qimmatini unutmadimikan?..

Shuni qat’iy qayd etamizki, jurnalistning jamiyat oldidagi mas’uliyati, kasb odobi, faoliyat talablari, muhimi, mavjud qonun-qoidalar bor va jurnalist buni unutishga haqli emas. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 6-moddasida qayd etilganidek, “O‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida jurnalist shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart”.

O‘zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksida belgilab qo‘yilganidek, “Jurnalist... o‘z kasb majburiyatlarini bajarishda axborot olishning qonunga zid usullaridan (qo‘rqitish, ta’magirlik, tovlamachilik, ig‘vogarlik, mukofot va’da qilish yoki odob-axloq normalariga zid boshqa usullardan foydalanish), shuningdek, o‘z xizmat vakolatlaridan shaxsiy maqsadlari yo‘lida foydalanmaydi”.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi jurnalist va blogerlarni milliy va xalqaro qonunchilik, O‘zbekiston Jurnalistlari kasb etikasi kodeksiga rioya etishga, kim bo‘lishidan qat’i nazar, shaxsning sha’ni va huquqlarini poymol qilmaslikka, faxsh, zo‘ravonlik va inson ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi illatlardan saqlanishga chaqiradi".