@, #, &, ~ kabi ramzlar nimani anglatadi?
Mustaqil ma’noga ega bo‘lmagan barchamizga tanish bu tayoqcha va chiziqchalarni kim o‘ylab topgan, ular qanday paydo bo‘lgan?
Bugun ko‘pchiligimiz ularni kundalik hayotimizda qo‘llab keladigan ramz va belgilarning kelib chiqishi haqida so‘z yuritamiz.
«!» Undov belgisi
Undov belgisi «note of admiration» (hayrat belgisi) iborasidan kelib chiqqan. Bir nazariyaga ko‘ra, bu xursandchilikni bildiradigan lotincha (Io) so‘z bo‘lib, birinchi marta 1553 yilda Londonda nashr etilgan falsafiy, diniy siyosiy va pedagogik qarashlar ifodalangan “Edvard VI ning katexizmi” kitobida paydo bo‘lgan.
Kuchukcha yoki «@»
Ushbu belgining kelib chiqishi noma’lum. An’anaviy gipotezaga ko‘ra, u o‘rta asrlardagi lotincha “ad” predlogining “oldin”, “gacha”, “dan” qo‘shimchalarini anglatadigan qisqartmadir.
2000 yilda Rim universiteti professori Jorjio Stabile boshqa farazni ilgari surdi. U 1536 yilda florensiyalik savdogar tomonidan yozilgan maktubda vino narxi ko‘rsatilgan, gajak bilan bezatilgan “A” - «@» harfi bilan standart amfora (ko‘zasimon idish)lardagi suyuqlikning o‘lchov birligi belgilanganini aytdi.
Ispan, portugal, fransuz tillarida “@” belgisi ana’naviy tarzda vazn o‘lchovi 11,502 kilogrammga teng “arroba” so‘zini anglatadi. “Arroba”ning o‘zi esa arabcha “ar-rub”dan kelib chiqqan bo‘lib, chorak (1/4) degan ma’noni anglatadi.
Oktotorp yoki diyez «#»
Ba’zi manbalarga ko‘ra, o‘rta asrlardagi kartografik an’analarda sakkizta dala bilan o‘ralgan qishloq «octotherp» tarzida belgilangan. Boshqa ma’lumotlarda ramz “Bell Labs” kommunikatsiya sohasi korporatsiyasi muhandislari Don Makferson, Duglas Kerr va Jon Shaak yaratgan o‘ynoqi neologizm bo‘lib, u 1960 yillarning boshlarida paydo bo‘lgan. 1991 yilda “So‘z tarixining yangi kitobi” nashri «octotherp»ning muallifi sifatida telefon muhandislarini hisoblashini yozgan.
Nuqtali vergul «;»
Qarama-qarshi so‘zlarni va qo‘shma gaplarning mustaqil qismlarini ajratish uchun foydalaniladigan nuqtali vergul birinchi marta italyan matbaachisi Aldo Manutsiy tomonidan joriy qilingan. Hatto Shekspir ham o‘z sonetlarida bu belgini ishlatgan.
Ampersand «&»
Bu ramz muallifligi Sitseronning sodiq quli va kotibi Mark Tulliy Tironga tegishli. Tiron qullikdan ozod qilinganidan keyin ham Sitseronning matnlarini yozishda davom etgan va miloddan avvalgi 63 yilga kelib, o‘zining yozuvlarini tezlashtiradigan qisqartmalar tizimini ixtiro qildi. XI asrgacha ishlatilgan “Tiron yozuvlari” yoki “Tiron belgilari”ning asl nusxalari saqlanmagan. Tiron, shuningdek, Rim stenografiyasining asoschisi ham hisoblanadi.
Yulduzcha yoki asterisk «*»
Bu havola miloddan avvalgi II asrda Vizantiyaning qadimgi filologi Aristofan tomonidan Iskandariya kutubxonasi matnlaridagi noaniqliklarni izoh tarzida ko‘rsatish uchun joriy qilingan.
Tilda «~»
Qator yuqorisidagi Tilda ko‘pincha o‘rta asrlar tez yozuvlaridagi qator usti yoki oldingi harfning tepasida yozilgan “n” va “m” harflaridan kelib chiqqan belgiga mos keladi, keyinchalik uning yozilish shakli to‘lqinli chiziqqa aylangan.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.