Kabisa yilidagi qo‘shimcha kun qayerdan olingan?
Kabisa yili - quyosh taqvimlarida qo‘shimcha 29 fevral kunini o‘z ichiga olgan kalendar yili. Kelgusi 2024 yil kabisa yili bo‘ladi.
Kabisa yili nimadan kelib chiqqan?
Yer Quyosh atrofida 365 kun, 5 soat, 46 daqiqa va 48 soniyada to‘liq aylanishni amalga oshiradi. Miloddan avvalgi 45 yilning 1 yanvaridan Rim diktatori Gay Yuliy Sezar Rimda yunon astronomi Sozigen boshchiligidagi iskandariya astronomlari tomonidan ishlab chiqilgan taqvimni joriy qildi. Bu astronomik yil taxminan 365,25 kunga (365 kun va 6 soat) teng ekanligiga asoslandi.
Kabisa bo‘lmagan yillarda kunlar soni 365 kunga yaxlitlangan. Shu sababli yig‘ilgan olti soatlik kechikishni vaqti-vaqti bilan qoplash uchun kabisa yili joriy etildi. Agar biz doimiy ravishda kabisa yillarini kiritmasdan yillarni yaxlitlab borsak, vaqt o‘tishi bilan kalendarimiz asta-sekin mavsumiy hodisalarga nisbatan o‘zgaradi.
Nega aynan to‘rt yilda bir marta?
Chunki aynan shu davr davomida “qo‘shimcha” kalendar kun yig‘ilib qoladi. (6 [соат] * 4 [йил] = 24).
Kabisa yillari haqida qiziqarli faktlar:
– Yevropada har to‘rt yilda bir marta 29 fevral kuni ayollar erkaklarga mustaqil ravishda turmush qurishni taklif qilishlari mumkin bo‘lgan an’ana bor;
- “La Bougie du Sapeur” fransuz satirik gazetasi birinchi marta 1980 yil 29 fevralida nashr etilgan va shundan beri faqat kabisa yillarda chop etib kelinadi. Shunisi e’tiborga loyiqki, gazetada hajviyalardan tashqari krossvordlar ham chiqadi, ularning to‘g‘ri javobini esa faqat to‘rt yildan keyingi navbatdagi sonida topish mumkin. “La Bougie du Sapeur”ning bir asr davomidagi obuna bahosi 100 yevro;
- 29 fevralda tavallud topgan odamlar o‘z tug‘ilgan kunini faqat to‘rt yilda bir marta nishonlashi mumkin. Biroq, ular o‘zini g‘urur bilan dunyoning “Kabisa yili poytaxti” deb ataydigan va har yili 29 fevralda tug‘ilganlar sharafiga festival tashkil qilinadigan Texasning Entoni shahrida bayramni keng miqyosda nishonlashi mumkin.
Odamlar orasida kabisa yillari bilan bog‘liq ko‘plab xurofotlar va xavfsirashlar mavjud. Ba’zi odamlar shu yillarda tez-tez falokatlar va baxtsizliklar sodir bo‘lishiga ishonadi. Biroq, boshqa yillarda ham kabisa yillari kabi ham yaxshi, ham yomon voqealar sodir bo‘lib turadi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.