Kadrlar bilan ishlovchilar malaka oshirmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi Samarqand hududiy filialida viloyatdagi davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari rahbar hamda xodimlari uchun maxsus malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
– Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va akademiya hamkorligida o‘tkazilayotgan o‘quvdan asosiy maqsad – hudud darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarda faoliyat yuritib kelayotgan inson resurslarini boshqarish va rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan rahbar va xodimlarning bilim, malaka va ko‘nikmasini rivojlantirishdan iborat, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali bosh inspektori R.Umarova. – Malaka oshirish kursi davomida mas’ul rahbarlarga 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi mazmun-mohiyati, O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati sohasidagi tub o‘zgarishlar, inson kapitalini rivojlantirish, davlat organlari va tashkilotlarida o‘tkazilayotgan tanlovlar jarayonida yuzaga kelgan muammolar va ularning yechimlari, shuningdek, mehnat munosabatlari haqida tushuncha berilmoqda. Mashg‘ulotlar davomida vazirlik va idoralar, tashkilotlardan mas’ul mutaxassislar tomonidan ma’ruza hamda vebinarlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Tinglovchilarning sohaga oid amaliy bilimlarini rivojlantirish maqsadida hududiy davlat organlari va tashkilotlaridan malakali amaliyotchi mutaxassislarni jalb etgan holda o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.