Kaftarxonada noqonuniy aviakassa aniqlandi. Ular 24 fuqaroga qalbaki chipta sotgan
Sh.Aliqulova Rossiyaga borish uchun zarur tayyorgarlikni ko‘rdi, avvalo, chipta sotib olib, so‘ng narsalarini joylashtirdi. Belgilangan vaqtda yaqinlari, qarindoshlari bilan xayr-xo‘shlashib, aeroportga kelib, chiptalarni rasmiylashtirish bo‘limiga kelganida, xodimning gapini eshitib, quloqlariga ishonmadi. «Nahotki? Chipta ham qalbaki bo‘lishi mumkinmi? Axir uni falon pulga aviakassadan sotib olgandim-ku!».
O‘sha kuni uchib keta olmagan Sh.Aliqulova darhol bu haqda ichki ishlar bo‘limiga xabar qiladi.
Chipta sotib olingan joy, ya’ni Samarqand shahridagi Kaftarxona ko‘chasida bu paytga kelib aviakassaning izi ham yo‘q edi. Surishtiruv natijalariga ko‘ra, firibgarlar vaqtincha joyni ijaraga olib, aviakassa sifatida birmuncha vaqt faoliyat ko‘rsatgan.
"Buzoqning qochgani somonxonagacha", deyishadi. Tezkor tadbirlar natijasida firibgarlarning shaxsi aniqlandi. Ular 24 nafar fuqaroga Turkiya va Rossiya davlatlariga aviachipta sotishga ulgurgan.
Ayni kunda tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda. Jabrlanuvchilarga pullarini qaytarish ishlari olib borilmoqda.
Anvar DONIYoROV,
Samarqand viloyat IIB transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limi katta tergovchisi.