“Kamaz” kunlari fuqarolarga ish, talabalarga amaliyot o‘tkazish imkoniyatini berdi
Samarqand shahrida respublika Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Rossiya Federatsiyasining “Kamaz” kompaniyasi hamkorligida “Kamaz kunlari” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Ikki kun davom etgan tadbirda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar bilan kompaniya vakillari suhbat o‘tkazdi. Suhbatlardan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar “Kamaz” kompaniyasiga tashkiliy tarzda ishga jalb qilinadi.
“Kamaz” kunlari tadbiri doirasida Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti jamoasi ham ishtirok etdi. Unda “Kamaz” jamoatchilik aksiyadorlik jamiyati (JAJ)ning Kadrlarni rivojlantirish departamenti direktori Leniza Xurmatulina bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Samarqand viloyati boshqarmasi hamda SamDAQU rektorati vakillari ishtirokida muzokaralar o‘tkazildi.
Muzokaralarda universitet va texnikum professor-o‘qituvchilari, talaba va o‘quvchi yoshlarini “Kamaz” JAJda stajirovkasini tashkil etish, ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga universitet bazasida “Kamaz” JAJ o‘quv markazi dasturlari asosida zavod uchun zarur bo‘lgan mutaxassislarni kasbga o‘rgatish bo‘yicha qisqa kurslarni tashkil etish imkoniyatlari bo‘yicha ham muzokara o‘tkazildi. Muzokaralar natijasida o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib olindi.