Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kamtarlikning ma’rifati yoxud davlat va jamoat arbobi, jurnalist Xolmuhammad Nurullayevni eslab

Albatta, ta’lim tizimi vakiliga o‘z davrining shijoatli ziyolisi, taniqli jurnalist haqida gapirish noqulaydek tuyuladi. Ammo bu insonning o‘sha davr siyosatidagi o‘rni va fazilatlarini yaxshi bilganim uchun bugun uning siyratidagi ayrim holatlarga to‘xtalib o‘tmoqchiman…

Xolmuhammad viloyat gazetasining muxbiri sifatida bir shikoyat yuzasidan Ishtixonga borib qoldi. Men o‘shanda tuman ijroqo‘m raisining o‘rinbosari edim. O‘z joniga qasd qilgan, lekin tirik qolgan qizaloq taqdiri bilan qiziqdi. Tengdosh bo‘lganimiz uchun har bir harakati va savol-javobini kuzatishga, tinglashga imkon berdi. Ochig‘i, ilgari ham muxbirlar ko‘p kelgan. Ammo voqeani o‘rganib, o‘sha manzilning o‘zidan qaytib ketishgan. X.Nurullayev esa taqdiri chalkash qizaloqning nafaqat oila a’zolari, qarindoshlari, balki o‘qiyotgan maktab, yashayotgan mahalla vakillari bilan erinmasdan suhbatlashdi, voqeaning kelib chiqish sabablarini o‘rgandi, keyin gazatada maqola yozdi. Ana shu maqolani nafaqat biz, balki boshqa tuman faollari ham o‘z yig‘ilishlarida muhokama etdilar. O‘sha maqola tufayli menda Xolmuhammadga o‘zgacha mehr uyg‘ongandi.

Ko‘p o‘tmay men Samarqandga, xalq ta’limi boshqarmasiga ishga bordim. U kishi «Zarafshon» gazetasidan viloyat hokimligiga ishga o‘tdi, birgalikda faoliyat ko‘rsatdik. Ana shu jarayonda bir-birimizni yanada ko‘proq bilishga va tanishga erishdik.

Keyinchalik bilsam, Xolmuhammadning otasi Juma aka men bilan kasbdosh, geografiya muallimi ekan. Urgutning Nisbot qishlog‘idagi maktabda uzoq yillar shu fandan saboq bergan. O‘zaro suhbatda Juma aka o‘zi tahsil olgan qadrdon fakultet va uning fidoyi olimlari haqida bizga ko‘p yaxshi gaplarni aytgan. Juma aka Xolmuhammadning Bobur tug‘ilgan kunida dunyoga kelganidan juda xursand bo‘lgan, uning shoh va shoir kabi ma’rifatli bo‘lishini istagan.

O‘sha paytda bu qishloqda taniqli odamlar chiqmaganligi uchun endigina O‘zbekiston komsomoli mukofoti laureati bo‘lgan, keyinchalik O‘zbekiston xalq shoiri darajasiga erishgan Barot Boyqobilovdan ibrat olishini istagan. Ehtimol, shu tufaylidir Xolmuhammad ustozi, olim va jurnalist, aniqrog‘i otasining shogirdi Abdurashid Abdurahmonov (joylari jannatda bo‘lsin!) etagini mahkam ushlagan.

Mustaqillikning dastlabki yillari oson kechgan emas. Nafaqat hokimlik, balki boshqaruvdagi barcha tizimlar biz uchun yangilik edi. Tajriba yo‘qligidan har bir sohada tartib o‘rnatish, o‘z yo‘limizni topish uchun qizg‘in kurash ketardi. X.Nurullayev ana shu jarayonda eng mas’uliyatli lavozimlarda ishladi: viloyat hokimligi xodimi, kotibiyati mudiri, «Zarafshon» gazetasi bosh muharriri, viloyat hokimining o‘rinbosari, Urgut tumani hokimi.

Bugun o‘sha davrda birgalikda xizmat ko‘rsatgan rahbarlarning deyarli barchasi Xolmuhammad Jumayevich haqida bir xil fikr aytadi: u bir so‘zli, samimiy qalbli, do‘stparvar inson edi. Kamina Xolmuhammadning muntazam ravishda kitob do‘konlariga kirganiga, o‘qigan kitoblari haqida fikr bildirganiga, birinchi rahbar uchun ma’ruzalar yozganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Unda xizmat vazifasining mas’uliyatini sezish hissi kuchli edi.

Davr ekanda, Urgutdan paxta terimiga hasharchilarni jalb qilish, ahvoli og‘ir tumanlarga yordam berish oson kechmagan. Ayniqsa, Vag‘ashti va Komangaron qishloqlarida suv muammosi, Tojikiston bilan chegaradagi ayrim qishloqlar hududini aniqlash bilan bog‘liq muammolarga yechim topish uncha-buncha rahbarni charchatib qo‘yardi. X.Nurullayev ana shunday sinovlardan jasorat bilan o‘tdi. Shuning uchun ham bugungi kunda nafaqat Urgut tumani aholisi, viloyatdagi juda ko‘p ziyolilar bu insonning nomini hurmat bilan tilga oladi.

X.Nurullayev viloyat gazetasiga bosh muharrir bo‘lgan yillarida ham biz kabi ziyolilarni tahririyatga tez-tez taklif etar, har birimizdan zamona mohiyati, tarmog‘imizdagi muammolar xususida maqolalar yozib berishimizni so‘rardi. U muharrirlik qilgan davrdagi gazeta taxlamlarini ko‘zdan kechirsangiz, bunga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.

Xolmuhammad Jumayevich ishlari tig‘iz bo‘lishiga qaramasdan ziyolilar davrasida bo‘lishni yaxshi ko‘rar, ta’ziyalardan, bemorlarni yo‘qlashdan erinmasdi. Oliy Majlis deputati sifatida esa nufuzli minbarda turib nafaqat Urgut tumani, balki viloyat manfaatini ham himoya qila bildi, ko‘plab muammolarni tegishli idoralar rahbarlari oldida ko‘ndalang qilib qo‘ya oldi.

Oqqan daryo oqaveradi. X.Nurullayev qayerda ishlashidan qat’i nazar, xoh respublika nashrlarida, xoh viloyat gazetasida bo‘lsin, biz uning maqolalarini tez-tez o‘qib turganmiz. Ayniqsa, olimlar va ziyolilar bilan har bir ma’nili suhbatini qog‘ozga tushirar va bu haqda biz kutilmaganda chiroyli maqola o‘qib qolardik. Bundan tashqari, viloyat gazetalari taxlamlarini varaqlasangiz X.Nurullayev imzosi bilan juda ko‘plab salohiyatli ustozlarimiz, davlat arboblari, ijodkorlar haqidagi maqolalarga ko‘zingiz tushadi. Bu ham fidoyi, ziyoli insonning salohiyatini ko‘rsatib turadi.

X.Nurullayev hayot bo‘lganida 70 yoshga to‘lgan bo‘lardi. Nadomatlar bo‘lsinki, u bugun oramizda yo‘q. Ammo ko‘nglimizdan ketgan emas. Uning ezgu ishlari, yuksak insoniy fazilatlari ziyolilarning har bir davrasida hurmat bilan eslanadi. Zero, kelinimiz Shoiraxon, farzandlari Shohida, Aziz, Zafarjon ana shunday tabarruk insonning chirog‘ini yoqib kelmoqda.

Saidahmad USMONOV.

***

Suratda: Xolmuhammad Nurullayev (chapda) Toyloq tumani hokimi Jamshid Ashurov (Alloh rahmat qilsin) bilan. 2004 yil.