Kanadada o‘zbekistonlik oila shaxsiy samolyotida halokatga uchradi

Torontodan 200 kilometr sharqda yerlashgan Kingston shahriga uchib, manzilga bir kilometrcha qolganida qulab tushishdi. 7 kishi vafot etdi. Ular orasida 3 nafar bola bo‘lgan. Bu haqda Kanadada yashayotgan kolumnistimiz Baxtiyor Shohnazar facebook,dagi sahifasida post qoldirgan deb yozmoqda "sof.uz" nashri.

Havo bulutli va juda kuchli shamol esayotgan bo‘lgan. Hozircha uchoq nega qulagani sababi aytilgani yo‘q.

"Otabek bilan o‘tgan mart oyida Chikagoda o‘tkazilgan Navro‘z bayramida tanishib, gaplashgandik. Men unga o‘g‘lim uchuvchiligini aytsam, "mening ham uchog‘im bor, Hyustondan o‘zim uchib keldim" degandi.

Rahmatlik judayam saxovatli kishi ekanligini eshitgandim.

Uchoq halokatida Otabekning xotini, o‘g‘li, qizi va Torontoda yashovchi qarindoshi vafot etdi. Allohning rahmatiga erishsin.

Yaqinlariga sabr-toqat berishini, joylari jannatda bo‘lishini duo qilib qolamiz", deb yozdi Baxtiyor Shohnazar.

Halokatga uchragan “Piper PA-32R” yengil motorli samolyotini izlab topishga bir necha soat sarflandi. Samolyot yetib borish qiyin, botqoq yerga qulagan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, “Piper PA-32R” samolyoti AQShda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, Battonvil aeroportidan Torontoga yo‘nalgan.