Karantin davrida o‘quvchilarning o‘zlashtirishi doimiy nazoratda

O‘quvchilarning karantin ta’tilidagi vaqtini mazmunli o‘tkazish va ularning o‘quv dasturida belgilangan bilimlarni o‘z vaqtida o‘zlashtirishlari uchun onlayn darslar tashkil etildi. Xo‘sh, maktabda bu jarayon  qanday nazoratga olingan?

- Maktabimizda 50 nafar o‘qituvchi, 630 nafar o‘quvchi va 24 ta sinf bor, - deydi Samarqand shahridagi 39-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Nasiba Rahimova. – O‘quvchilarning o‘zlashtirishini nazorat qilish uchun sinf rahbarlari, fan o‘qituvchilari va ota-onalar hamkorligida telegram guruhlar ochganmiz. Bunda o‘qituvchilarimiz ota-onalar bilan onlayn muloqot qilib, o‘quvchilarning o‘zlashtirishini kuzatib, baholab borishmoqda.

Teledarslardan tashqari, fan o‘qituvchilari har bir mavzu yuzasidan qo‘shimcha topshiriqlarni o‘quvchilarning ota-onalariga jo‘natib, farzandlari bilan birgalikda dars tayyorlashga jalb qilishgan. Har bir sinf kesimida fan o‘qituvchilari telegram guruhlarini buyuk mutafakkirlar nomi bilan atashgan:  5-”A” sinf “Alisher Navoiy” guruhi, 6-“A” sinf “Al-Xorazmiy” guruhi, 7-“B” sinf “Ibn Sino” guruhi kabi. Jumladan, «Al-Xorazmiy» deb nomlangan 6-“A” sinfda 25 nafar o‘quvchi bor.

- Ularga  “Kasr sonlar”, “Aralash sonlar” mavzulari yuzasidan aralash sonni noto‘g‘ri kasr ko‘rinishida tasvirlash, noto‘g‘ri kasrni aralash songa aylantirish, kasrlar ustida amallarni bajarish kabi topshiriqlar, qiziqarli masalalar va testlar berib, o‘quvchilarni baholayapman, - deydi matematika fani o‘qituvchisi Madina Jumanova.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.