Karantin qoidalarini buzgan holda to‘y o‘tkazgan taniqli shaxsga chora ko‘rildi

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik mashhurlar qatnashgan to‘y videosi tarqamoqda.

Mazkur holat Toshkent shahar IIBB mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganildi.

Aniqlanishicha, ushbu video 9 sentyabr kuni Toshkent viloyati Toshkent tumanida olingan bo‘lib, u yerga 29 yoshli Ahmadjon T. kuyov sifatida o‘rtoqlari bilan kelgan. Bundan tashqari, Ahmadjon T. to‘yini Shayxontohur tumanidagi uyida tashkillashtirgan va to‘yga 40 nafardan oshiq mehmonlar kelishgan.

Mazkur fakt asosida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

"Hurmatli fuqarolar! Karantin cheklovlarining yumshatilishi koronavirus infeksiyasi yo‘qolganidan darak bermaydi. Sizdan quyidagi sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qilishingizni so‘raymiz. Jamoat joylarida tibbiy niqob taqib yurish zarur. Shuningdek, ijtimoiy masofa saqlash muhim, to‘y tadbirlarini 30 kishi ishtirokida o‘tkazish lozim. O‘zingizni va yaqinlaringizni asrang!", deyilgan Toshkent shahar IIBB xabarida.