Karantin sabab avtotrasport vositalarining atmosferaga ta’siri kamaydi

Ko‘plab davlatlarda e’lon qilingan karantin sabab aholining ko‘chaga chiqishi, avtomobillarning qatnovi keskin kamaydi. Albatta, bu atrof-muhitga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.

Hindiston aholisi karantinda avtomobillar qatnovi va sanoat tarmoqlarining vaqtinchalik faoliyati to‘xtatilganligi sabab Himolay cho‘qqisini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. Mahalliy xalq mo‘’jizaviy Himolay tog‘ining qorli cho‘qqilarini bundan 30 yil oldin tomosha qilishganini eslaydi. Yana qator davlatlarda atmosferaning keskin tozalanayotgani, yo‘qolib ketayotgan hayvonlarning paydo bo‘layotgani aytilmoqda. Xo‘sh, viloyatimizda ahvol qanday?

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, respublikamizda koronavirus pandemiyasi sababli e’lon qilingan  karantin, avtotransport vositalarining qatnoviga qo‘yilgan cheklov natijasida viloyatimizda harakatdagi manbalardan 8250 tonnaga ifloslantiruvchi moddalarning atmosfera havosiga tashlanishi kamaygan.

Ayni paytda Samarqand viloyatida jami 379709 tadan ortiq avtotransport vositalari mavjud bo‘lib, ularning harakatlanishi tufayli yiliga 103526 tonna ifloslantiruvchi moddalar atmosfera havosiga tashlanadi.

Avtotransport harakatining kamayishi evaziga Samarqand shahrida atmosfera havosiga harakatdagi manbalardan zararli gazlar tashlanishi keskin kamayganidan dalolat beradi.

Viloyat gidrometeorologiya boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, Samarqand shahridagi mavjud gidrometeopostlardan olingan havo namunalariga o‘tkazilgan kimyoviy tahlillar havoni ifloslantirayotgan zararli moddalar miqdori o‘rnatilgan me’yorlar (PDK) ga nisbatan tashlanishi uglerod oksidi, azot ikki oksidi, azot oksidi, fenol va xlor nol ko‘rsatishda bo‘lganligini ko‘rsatdi.